Prezident e’tirof etgan sirdaryolik tadbirkorlar
Tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy bo‘g‘ini hisoblanib, bugungi kunda mazkur sohani rivojlantirish, tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning safini yanada kengaytirish va rag‘batlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Muhtaram Prezidentimizning Tadbirkorlikni rivojlantirish – mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining muhim yo‘nalishi, deya ta’kidlaganlari amalda o‘z isbotini topmoqda. Tizimda samarali mehnat qilib, mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh tadbirkorlarga Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami arafasida Muhtaram Prezidentimizning shaxsan o‘zlari minnatdorchilik bildirdilar.


Bu yuksak e’tirofga sazovor bo‘lganlar safida Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan ishbilarmon tadbirkorlar jumladan: “Eng ko‘p ish joylari yaratgan tadbirkor” Normatov Muxiddin Erkinovich – “Sirdaryo mega lyuks” MCHJ rahbari, Abdurahmonov Durbek Xalyigitovich – “Poly tex Sirdaryo” MCHJ rahbari, Tojimirzayeva Guzalxon Bahodir qizi – “Wang da group” MCHJ rahbari, Xasanova Saidbibi Nematovna – “Orchid-beauty” MCHJ rahbari, “Eng yaxshi soliq to‘lovchi” sifatida Urakov Qo‘ziboy – “Baxtteks-farm” MCHJ rahbari, Gafurov Umar Xasanovich – “Temur med farm” MCHJ rahbari borligi tahsinga loyiqdir.

Viloyat hokimi, senator G‘ofurjon Mirzayev davlatimiz rahbarining minnatdorchilik xati va esdalik sovg‘alarni egalariga topshirarkan, mehnatlari bilan yurtimiz iqtisodiy rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib, aholi bandligini ta’minlashda o‘rnak bo‘layotganliklarini alohida ta’kidladi. Shuningdek, kelgusi faoliyatlariga rivoj va ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuxrat Suyarov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA