Prezident e’tirof etgan mahalla ilmiy salohiyati yanada ortib bormoqda
Mamlakatimizda ilm-fan va ta’limga qaratilayotgan yuksak e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Bu jarayonda Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilgan ana shunday ilm-ma’rifat maskanlaridan biri – Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi Tamabahrin mahallasi bo‘lib, bu yerda shakllangan ta’lim muhiti yillar davomida yuzlab yoshlarning orzu-maqsadlariga qanot bag‘ishlab kelmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasida ham dunyoning ko‘pgina ilg‘or davlatlarida bitiruvchilarni o‘rta-maxsus va oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibida keng qo‘llanilayotgan tezkor va samarali usul – test sinovlari joriy etilgan. Har yili yuz minglab bitiruvchilar, abituriyentlarning ma’lum fan yo‘nalishlari bo‘yicha olgan bilim va ko‘nikmalari test asosida aniqlanadi. Ushbu sinovdan Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tavsiya etilgan maktab darsliklarida berilgan ma’lumotlarni puxta o‘zlashtirgan bilimdon o‘quvchilargina o‘tadilar.
Shundan kelib chiqib, Navoiy viloyati, Xatirchi tumanidagi 22- va 44-maktablar hamkorligida 1996-yil mart oyida Davlat test markazi (DTM) tomonidan tashkil etilgan test jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tish uchun maktab bitiruvchilarini oliy o‘quv yurtlariga qamrab olish maqsadida tayyorlov kurslari 22-maktab direktori Sa’dulla Beknazarov hamda 44-maktab direktori Toshmamat Egamberdiyevlar tomonidan tashkil etildi.
Ushbu faoliyatni yuritish uchun Respublika Xalq ta’limi markazi markaziy malaka oshirish instituti, shuningdek, Navoiy viloyati malaka oshirish institutilarining tavsiyalariga binoan tuman xalq ta’limi bo‘limining Kengash qarori, ota-onalar qo‘mitasining qarori va roziligi, maktablar pedagogik kengashlarining qaroriga asosan tayyorlov kursining Nizomi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Shundan keyin 1996-yil mart oyidan boshlab yuqoridagi maktablarda tayyorlov kurslari o‘z faoliyatini boshladi. Bunda ushbu maktablarning va tumandagi boshqa maktablardan ilg‘or o‘qituvchilar tanlov va sinov asosida saralandi va qabul qilindi. Jumladan, o‘n nafar fizika, yigirma nafar ona tili va adabiyot, o‘n ikki nafar matematika, to‘rt nafar tarix, uch nafar ximiya fani o‘qituvchilaridan eng yuqori ball olgan o‘qituvchilar shu yili maktab bitiruvchilariga mashg‘ulotlarni tashkil qilib berdi.
Ona tili va adabiyot fanidan G‘iyos Boymanov, Bahodir Shamsiyevlar; tarix fanidan Mamatqul Jo‘liyev, Muhabbat Qarshiyevalar; ximiya va biologiya fanlaridan Sa’dulla Beknazarov, Shohida Yo‘ldoshevalar, matematika fanidan Mardon Nurmamatov, nemis tili fanidan Toshmamat Egamberdiyev, ingliz tili fanidan Oysifat Nazarova, fizika fanidan O‘rinboy Umrzoqov, geografiya fanidan Komila Doniyorovalar, keyingi bosqichlarda ona tili fanidan Sofiya To‘rayeva, Abdusalom Temirov, Hamdam Rajabovlar, fizika fanidan Abdurahmon Sanaqulov, Baxtiyor Turdiyev, rus tili fanidan Alisher Doniyorov va boshqa o‘qituvchilar jalb qilindi hamda tayyorlov kurslari masshtabi kengaytirildi.
Hozirgi kunda “Tamabahrin” mahallasida yuqoridagi ustozlarning shogirdlari kurs faoliyatlarini davom ettirib kelmoqda. Nemis tili fanidan Burhon Nurmamatov, matematika fanidan Azim Urinov, Yusuf Izomiddinov, Aziz Najmiddinovlar, tarix fanidan Bekzod Himmatov, Bahodir Xalilov, Husniddin Baratovlar, ona tili fanidan Anvar Baxranov, Nasiba O‘rinova, Nilufar Tosheva, Bekzod G‘aniyev, Moxichehra Rustamovalar, ingliz tili fanidan Xolisxon Ulug‘murodova, kimyo fanidan Farrux Esergapov, Farrux Nurulayev, rus tili fanidan Jahongir Jabborov, fizika fanidan Sanjar Hamdullayev, biologiya fanidan Nilufar Bahronovalar ustozlari an’analarini davom ettirib kelmoqda.

O‘quvchilar ham tayyorlov kurslariga sinov va suhbat asosida tanlab olinadi. Dastlabki yili (1996-yil) 22-maktabning huzurida tayyorlangan 27 nafar abituriyentlardan 24 nafari (89 foiz), 44-maktabning huzurida tayyorlangan 24 nafar abitiriyentlardan 20 nafari (84 foiz) oliy o‘quv yurti talabalari bo‘ldi.
Bir paytlar tayyorlov kurslarida asosan tuman maktablari o‘quvchilari tahsil olgan bo‘lsa, yillar o‘tishi bilan mazkur dargohning nufuzi tobora oshib bordi. Natijada nafaqat Navoiy viloyatining Zarafshon, Uchquduq, Navoiy, Navbahor, Qiziltepa tumanlaridan, balki Samarqand viloyatining Narpay, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Payariq, Urgut tumanlari hamda Samarqand shahridan, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani, Jizzax viloyatining Arnasoy tumani, Sirdaryo viloyatining Yangiyer va Guliston shaharlari, shuningdek, Toshkent shahri va viloyati, Xorazm hamda Surxondaryo viloyatlaridan ham abituriyentlar kelib tahsil olmoqda.
Bu yerda yaratilgan ilmiy muhit va ustozlarning fidokorona mehnati natijasida bugungi kunda o‘nga yaqin fan doktorlari, malakali shifokorlar, bank, bojxona, davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari, yuristlar, iqtisodchilar, muhandislar, o‘qituvchilar, jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, diplomatik tashkilotlar va vazirliklar xodimlari, prokurorlar, sudyalar hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar yetishib chiqdi. Ulardan bir qismi xorijda malaka oshirib, bugun Vatan taraqqiyoti yo‘lida munosib xizmat qilib kelmoqda.

Anvar Bahranovning respublika miqyosida tanilgan «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» o‘quv qo‘llanmasi ham bugun ko‘plab abituriyentlar uchun muhim manbaga aylangan. Uning shogirdlari tuman, viloyat va respublika fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishib, ayrimlari oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz qabul qilingan.
– Yillar davomida mahallamizda ta’limga bo‘lgan munosabat mutlaqo o‘zgardi. Avvallari asosan mahalliy yoshlar tayyorgarlikka kelgan bo‘lsa, bugun turli viloyatlardan bilim izlab kelayotgan yoshlarni ko‘rish biz uchun katta iftixor. Bu, avvalo, mahallamizda shakllangan o‘qituvchilik an’analari va ustozlarning fidokorona mehnati samarasidir. Biz uchun eng katta mukofot — shogirdlarimizning yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotganini ko‘rishdir, – deydi Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Anvar Bahranov.
Mahallaning ilm-fan sohasidagi salohiyatini yuksaltirishda ilmiy izlanish olib borayotgan yosh olimlarning ham o‘rni katta. Xususan, mahalla farzandlari Gulmira Achilova va Nilufar Tosheva falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qilib, o‘z sohalarida ilmiy faoliyat olib bormoqda. Ularning yutuqlari mahalla yoshlari uchun ilm yo‘lidagi munosib namuna bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu esa Tamabahrin mahallasida ilmga bo‘lgan qiziqish va ilmiy salohiyat yildan yilga yuksalib borayotganining yana bir amaliy isbotidir.

– Mahallamizda o‘qituvchiga bo‘lgan hurmat juda baland. Shu bois yildan yilga bilim olishga intiluvchi yoshlar soni ortib bormoqda. Turli hududlardan farzandlarini ishonch bilan bizga yuborishlari ham katta mas’uliyat yuklaydi. Bu ishonchni oqlash uchun ustozlar doimiy izlanishda. Bugun mahallamiz bitiruvchilarining turli sohalarda yuksak natijalarga erishib, mamlakat ravnaqiga hissa qo‘shayotgani barchamiz uchun haqiqiy faxrdir, – deydi Tarix fani o‘qituvchisi Bahodir Halilov.
Bugun Tamabahrin mahallasi nafaqat bir hudud, balki ilm-ma’rifat, izlanish va yuksak maqsadlar sari intilish ramziga aylanib bormoqda. Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilgan ushbu mahallada ilm ahli va fidoyi ustozlarning mehnati tufayli ilmiy salohiyat yildan yilga yuksalib, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun munosib kadrlar tayyorlash an’anasi izchil davom etmoqda.
Anvar Mamatov,
“Tamabahrin” MFY raisi