Poytaxtimizning yashil maydonlari inspektorlar nazoratida
Har birimiz ko‘cha-xiyobonlardagi manzarali daraxt va butalarning tabiat uchun foydasi haqida yaxshi bilamiz. Ayniqsa, jazirama yoz issig‘ida ularning soya-salqini atrofdagilarga xush yoqadi. Ammo ular orasida qurigan yoki zararlangan dov-daraxtlarga ham ko‘zimiz tushadi.
bugungi kunda poytaxtimizning umumiy maydoni 35 ming gektardan ko‘proq. Undagi yashil maydon esa 7 ming gektarni tashkil etadi. Toshkent shahrida 220 turdagi daraxt va 30 xildagi butalarni uchratish mumkin. Toshkent shahar o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan ularni mavsum davomida turli zararkunandalardan asrash, quriganlarni yo‘q qilish, yangi ekzotik o‘simlik turlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari olib borilyapti.
Ayni kunlarda poytaxtimizdagi yashil maydonlar, shox ko‘chalar va aholi yashash joylaridagi archazorlar karantin ko‘rigidan o‘tkazildi.
bugungi kunda dunyo miqyosida o‘simliklarda uchraydigan 335 dan ortiq karantin organizmlari ro‘yxatga olingan. Shundan 8 ta karantin organizmi respublikamizda qayd etilgan. Ularning yurtimiz hududiga kirib kelishi va boshqa davlatlarga o‘tib tarqalishining oldini olish borasida nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Aholi xonadonlari, karantin ob’ektlarini inspektorlar tekshirmoqda.
Tadbir davomida hududlardagi manzarali daraxtlar, gullar va boshqa o‘simliklar belgilangan tartibda zararsizlantirilib, dalolatnomalar rasmiylashtirildi. Bu kabi tadbirlar mahallalarda ham tashkil etildi.
Aholi yashash joylaridagi mevali daraxtlar ham ko‘rikdan o‘tkazilib, unda aniqlangan zararli organizmlarga qarshi kurash choralari ko‘rildi va zararsizlantirish ishlari olib borildi. Mutaxassislar ushbu organizmlarning zararli oqibatlari haqida tadbirkorlarga ham tushuntirishlar berdi.
Aytish mumkinki, inspeksiya tomonidan poytaxtimizning fitosanitar holatini yaxshilash, monitoring dala nazoratini tizimli yo‘lga qo‘yish borasida olib borilayotgan bu kabi sa’y-harakatlar, avvalo, atrof-muhit osoyishtaligini ta’minlash, o‘simliklar karantini sohasini takomillashtirishga xizmat qiladi.
O‘zA