Poytaxt ham muammolardan holi emas
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov boshchiligidagi Parlament komissiyasi Toshkent shahridagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini tahlil qildi.
O‘rganishlar Yunusobod tumanidagi 246-sonli maktabdan boshlandi. Komissiya a’zolari avval maktab kutubxonasi va oshxonasi faoliyati bilan tanishdi. So‘ngra maktab jamoasi bilan ta’limni rivojlantirishdagi muammolar yuzasidan fikr almashilib, ustoz va murabbiylarning takliflari eshitildi.
Shu o‘rinda, ochiq muloqotda asosiy muammolardan biri sifatida kitob ijarasi bilan bog‘liq muammo ko‘tarilganini ta’kidlash joiz. O‘qituvchilarning aytishicha, darsliklar hamon yetishmayapti, kitob do‘konlaridan topish qiyin, borlari esa juda qimmat. Darsliklardagi xatoliklarga ham barham berilmayotgani bir necha bor tilga olindi.
Maktab sig‘imi 1 ming 400 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, hozir bu yerda 3 ming 500 dan ortiq o‘quvchi tahsil olyapti. O‘tgan yili o‘quvchilarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichi 76 foizni tashkil qilgan.
Komissiya a’zolari davlat-xususiy sherikchilik asosidagi «Littletots» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini ham o‘rgandi. 240 bolaga mo‘ljallangan ushbu MTT 2020 yilning avgustida ish boshlagan bo‘lib, unga 7,2 milliard so‘m miqdorida mablag‘ sarflangan. Bu yerda bolajonlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini alohida ta’kidlash joiz.
Deputatlar shu kuni 560-sonli davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasida ham bo‘ldi. Ushbu muassasada 135 nafar imkoniyati cheklangan bola tarbiyalanyapti. Shart-sharoitlar esa biron-bir xususiy MTTdan kam emas.
– Bolajonlarga bor mehrimizni berishga harakat qilyapmiz, – dedi MTT mudirasi Dilrabo Sultonova.
– Chunki bu yerdagilar asosan savob uchun ishlaydi. Maqsad, nuqsonli bolalarni kun davomida olib o‘tirish emas, ularning sog‘ligini tiklash, mustahkamlash, bilim berish, ijtimoiy hayotdagi faolligini kuchaytirishga hissa qo‘shishdir. Ko‘rib turganingizdek, muassasamizda barcha sharoit yaratilgan. Mutaxassislarimiz ham yetarli, oramizda faqat tarbiyachilar emas, malakali shifokorlar ham bor.
MTT mudirasining aytishicha, tayanch harakatida nuqsoni bo‘lgan bolalarning 20-25 foizi tuzalib, o‘z oyog‘i bilan maktab ostonasiga qadam qo‘yadi. Ammo muammo shundaki, maxsus maktablarda bunday muolajalar davom ettirilmaydi, shuning uchun ham bolalar maktabda ota-onalar kutgan e’tibor va mehrni topa olmayapti. Hatto ota-onalar orasida farzandini yana ushbu MTTga qaytarib olib kelganlar ham bor.
– Siz juda og‘riqli muammoni ko‘tardingiz, – dedi uchrashuvda A.Qodirov.
– Parlament komissiyasi ham davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan aynan shunday muammolarni o‘rganish va yechim topish maqsadida tashkil etilgan. Albatta, bu masala parlament darajasida o‘rganiladi. Kerak bo‘lsa, mutasaddilar, xususan Xalq ta’limi va Maktabgacha ta’lim vazirlari bilan uchrashib, ushbu masalalarni atroflicha muhokama qilamiz.
Yunusobod tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Nigora Ahmedova esa komissiya a’zolari bilan kechgan muloqotda malakali mutaxassislarga ehtiyoj yuqori ekani, ayrim soha xodimlarining ish haqlarini oshirish lozimligi haqida gapirib, bu masalaga komissiya a’zolari e’tiborini qaratdi.