Pop tumanida yirik majmua ishga tushdi
Namanganda turizm salohiyatini oshirish, sayyohlar oqimini keng jalb etish maqsadida tatbiq etilayotgan istiqbolli loyihalar o‘z samarasini bermoqda.
Viloyatning Qamchiq dovoni bilan bog‘lovchi Pop tumanida xostel, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish shoxobchalarini o‘z ichiga olgan yirik kompleks foydalanishga topshirildi.
“Pop fayz stom” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 17 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan uch qavatli yirik majmua tarkibidan 30 mijozga mo‘ljallangan xostel, 50 o‘rinli tikuv sexi, 50 kishiga xizmat ko‘rsatuvchi tamaddixona, 30 ayol-qiz bir vaqtni o‘zida shug‘ullanish imkonini beruvchi fitnes zali, 50 kishini qabul qiluvchi 4 ta sauna va bir vaqtning o‘zida 20 kishiga xizmat ko‘rsatuvchi umumiy sauna xonalari, qurilish mollari va mebel jihozlari savdo do‘konlari o‘rin olgan.
Mazkur majmuada uskunalarni sotib olish, binolarni tayyorlash, o‘rnatish va ishga tushirish jarayonlari uchun tadbirkor Alijon Tursunboyev hisobidan 15 milliard so‘m, bank krediti evaziga 2 millard so‘m mablag‘ sarflandi.
[gallery-412]
Qayd etish joiz, kopleksning yillik ishlab chiqarish quvvati 3 milliard so‘mga teng bo‘lib, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni 50 foizini Rossiya va Belarus davlatlariga eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Majmua ishga tushishi natijasida yangi 120 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Pop tumani prokurori, ikkinchi sektor rahbari Husniddin Hakimovning taklifiga asosan “Temir daftar”ga kiritilgan kam ta’minlangan xonadonlarda yashovchi 26 kishi tikuv sexiga, 8 nafari xostelga, 6 nafari umumiy ovqatlanish shaxobchasiga doimiy ishga joylashtirildi.
Turizm salohiyatini oshirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan tadbirkorlikning ushbu yo‘nalishi bo‘yicha ishga tushirilgan loyiha ishga tushishi bilan jamiyat har oyda davlat byudjetiga 12 million so‘mlik soliq to‘lovlarini amalga oshiradi. Tadbirkor bunday amaliy sa’y-harakatlar bilan cheklanib qolmasdan, kelgusi yil boshida o‘z mablag‘i hisobidan 8 milliard so‘mlik logistika xizmati ko‘rsatishni tashkil etib, yana 40 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratishni ko‘zda tutgan.
Majmuani foydalanishga topshirish marosimida ishtirok etgan Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov bunday ob’ektlar yana ko‘p barpo etilishi, kelgusida Pop, Yangiqo‘rg‘on va Chortoq tumanlarida ekoturuzmni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqishilishi hamda mazkur yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlariga Prezidentimiz farmon va qarorlari asosida imtiyozlar berilishini ta’kidladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA