Polsha Prezidenti fuqarolarimiz bilan uchrashdi
Tashqi ishlar vazirligidan ma’lum qilishlaricha, bugun Polsha Prezidenti Anjey Duda xorijiy davlatlar, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib turgan Ukraina-Polsha chegarasiga, "Karchova" nazorat-o‘tkazish punkti yaqinidagi to‘planish nuqtasiga tashrif buyurgan. U elchixonamiz vakillariga murojaat qilib, o‘z yurti fuqarolari uchun juda muhim va ezgu ish qilayotganliklarini e’tirof etdi.
– Sizlardan boshqa mamlakatlar diplomatlari va ko‘ngillilari o‘rnak olishi tayin, – dedi davlat rahbari. – Menga O‘zbekiston hukumati fuqarolarini evakuatsiya qilishga birinchilardan bo‘lib kirishganini aytib berishdi. Bu sa’y-harakatni davlat va hukumatning o‘z xalqiga nisbatan cheksiz g‘amxo‘rligi deb bilaman.
– Avvalroq, biz ham shunday vaziyatga tushgandik, – fikrini davom ettirdi Prezident Anjey Duda. – O‘shanda sizga qo‘shni davlatni tark etgan Polsha va Yevropaning boshqa mamlakatlari fuqarolaridan xavotirda edik.
Mamlakat yetakchisi fuqarolarni vatanga qaytarishdek og‘ir vazifani faqat O‘zbekistonning faol ko‘magi bilan amalga oshirganini ta’kidladi. Fuqarolarimiz bilan samimiy suhbatlasharkan, Anjey Duda yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashi va zarur bo‘lsa, yordam ko‘rsatishini bildirdi.
O‘zA