Polizchilikda ilm va an’analar uyg‘unligi: “Mirzacho‘l qovuni” brendining qayta tiklanishi
Yurtimiz zamini qadimdan dehqonchilik madaniyati, xususan, til tiluvchi qovun va tarvuzlari bilan dunyoga mashhur bo‘lib kelgan. Asrlar davomida shakllangan noyob navlarni asrab-avaylash, har bir urug‘ni ehtiyotkorlik bilan tanlab, avloddan-avlodga o‘tkazish an’anasi bugungi kunda ilm-fan va innovatsiyalar bilan boyitilib, mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ayni paytda o‘zbek poliz mahsulotlarining xalqaro bozorlardagi mavqeini mustahkamlashda “Mirzacho‘l–Agro Star” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami 2025-yildan boshlab tizimli ravishda kengaytirildi. Xususan, jamiyat tomonidan respublikaning 8 ta tumanida qishloq xo‘jaligi ishlari tashkil etilib, sohaga ilmiy yondashuvlar izchillik bilan joriy etilmoqda. Bu jarayonda nafaqat hosildorlikni oshirish, balki mahsulot turini ko‘paytirish hamda eksport salohiyatini yangi darajaga ko‘tarish ustuvor vazifa etib belgilangan. Boy dehqonchilik tajribasi va zamonaviy agrotexnologiyalarning o‘zaro uyg‘unligi natijasida o‘zbek qovun va tarvuzlarining jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlari yanada kengaymoqda.
[gallery-28573]
Moddiy-texnik baza va brend yaratish strategiyasi
Moddiy-texnik bazani mustahkamlash maqsadida Xitoydan 163,5 ming dollarlik zamonaviy texnikalar hamda 166,2 ming dollarlik laboratoriya va qayta ishlash uskunalari xarid qilindi. Tizimli islohotlar natijasida 29 ta mahallada ixtisoslashuv jarayonlari chuqurlashtirilib, mashhur “Mirzacho‘l qovuni” brendi rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi. Paxtakor tumanida esa qiymati 23,8 milliard so‘mlik yirik agromajmua barpo etildi.
Shu bilan birga, aholi tomorqalaridan unumli foydalanish va hosildorlikni oshirish maqsadida 157,6 gektar maydonda tuproq va suv tahlillari o‘tkazilib, dehqonlar uchun maxsus o‘quv-seminarlari tashkil etildi. Bu boradagi ishlar izchillik bilan, bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Ayni kunlarda bahor fasli kelishi bilan dalalarda ekin-tikin ishlari qizg‘in pallaga kirgan.
Ko‘kdala: polizchilikdagi «o‘sish nuqtasi»
Ko‘kdala tumani... Keng dalalar, mehnatkash insonlar va yerga mehr qo‘ygan dehqonlar yurti. Bugun bu hududda “Mirzacho‘l-Agro Star” MCHJ tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda mutlaqo yangicha yondashuvlar hayotga tatbiq etilmoqda. Tumandagi 35 ta mahallada istiqomat qiluvchi 33 mingdan ortiq aholi tomorqalari hamda 2 mingdan ziyod dehqon xo‘jaliklarini qamrab olgan mazkur loyiha nafaqat hosildorlikni oshirish, balki aholi daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qilayotir.
Ayniqsa, Beshlamish, Soybo‘yi, Toloqtepa, O‘tamayli, Sho‘rquduq, Chorvador va Ko‘kdala mahallalari tarvuz yetishtirish bo‘yicha «o‘sish nuqtasi» sifatida belgilanib, bu yerlarda sohaviy ixtisoslashuv izchillik bilan yo‘lga qo‘yilmoqda. Endilikda an’anaviy usullar o‘rnini ilmiy asoslangan texnologiyalar egallamoqda. Ilmiy-tadqiqot instituti olimlari va xorijiy mutaxassislarning tavsiyasiga ko‘ra, urug‘lar avval laboratoriya sharoitida tayyorlanib, 20-25 kunlik ko‘chat holatida dalaga ekilmoqda. Bunday ilmiy yondashuv natijasida urug‘ sarfi 7 barobarga kamayib, hosilning pishib yetilish muddati tezlashdi. Bu esa mahsulotni ichki va tashqi bozorlarga ertaroq va yuqori narxlarda chiqarish imkonini bermoqda. Eng muhimi, yetishtirilayotgan o‘simliklarning turli kasalliklarga chidamliligi sezilarli darajada oshdi.
Ilmiy yondashuv va Xitoy tajribasining samarasi
— Ilgari mahalliy dehqonlarimiz an’anaviy usulda, ya’ni urug‘ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yerga qadash orqali poliz ekinlarini parvarish qilishgan, — deydi “Mirzacho‘l Agro-Star” MCHJ direktori Sherzod Qurbonov. — Bunda hosildorlik ko‘rsatkichlari tarvuzdan gektariga 35 tonna, qovundan esa 25 tonnani tashkil etib, mahsulot 90–100 kun ichida pishib yetilar edi. Bugungi kunda Ilmiy-tadqiqot instituti olimlari hamda Xitoydan jalb etilgan malakali agronomlarning tavsiyasiga asosan, qovun navlari avval ilmiy laboratoriyalarda oziqlantirilmoqda. Ko‘chat usulida ekish tizimining joriy etilishi natijasida urug‘ sarfi uchun xarajatlar 7 barobarga kamaydi. Eng muhimi, hosilning tayyor bo‘lish muddati 20 kunga qisqarib, iqtisodiy samaradorlik sezilarli darajada oshdi.
Xitoy tajribasi asosida ekinlarni zich ekish usulining joriy etilishi bir gektar maydondagi ko‘chatlar sonini ikki barobarga ko‘paytirish va hosildorlikni shunga mutanosib ravishda oshirish imkonini bermoqda. Bu, o‘z navbatida, jahon bozori talablariga mos bo‘lgan eksportbop — kichik kalibrli va yuqori sifatli mahsulot yetishtirish uchun zamin yaratdi.
Sifatli ko‘chat — yuqori hosil poydevori
Ko‘kdala tumanidagi zamonaviy agroloyihaning muhim bo‘g‘inlaridan biri — sifatli ko‘chat ta’minotidir. Shu maqsadda qovun va tarvuz ko‘chatlari Navoiy viloyatidagi maxsus tashkil etilgan zamonaviy issiqxona majmualarida parvarishlanmoqda. Ilg‘or texnologiyalarga asoslangan ushbu maskanlarda har bir urug‘ avval laboratoriya sharoitida tayyorlanib, so‘ngra qat’iy nazorat ostida o‘suv bosqichlaridan o‘tkaziladi.
E’tiborli jihati, issiqxonalardagi harorat, namlik va oziqlantirish jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan. Buning natijasida ko‘chatlar sog‘lom, baquvvat va tashqi muhit ta’siriga chidamli bo‘lib yetishmoqda. Tayyor ko‘chatlar maxsus sharoitlarda Ko‘kdala tumaniga yetkazilib, belgilangan agrotexnik talablar asosida ekilmoqda. Shu tariqa, Navoiyning sifatli ko‘chatlari Ko‘kdala dalalarida yuqori hosilning mustahkam poydevoriga aylanmoqda.
Infratuzilma va ekologik toza mahsulot
Ko‘kdala tumanida qiymati 34,9 milliard so‘m bo‘lgan yirik loyiha doirasida muzlatkichli omborxona, 1 gektarlik issiqxona barpo etish hamda 410 gektar maydonga poliz ekinlarini ekish ko‘zda tutilgan. Suv resurslarini iqtisod qilish va yuqori hosildorlikka erishish maqsadida 300 gektar yer maydonida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi. Ko‘chat ekishda pushta oralig‘i 1,2-1,5 metrgacha zichlashtirildi, bu esa 1 gektarga 15 ming tup ko‘chat ekish va hosildorlikni ikki barobarga oshirish imkonini bermoqda.
Ekologik toza mahsulot yetishtirish — bugungi davr talabi. Bioorganik o‘g‘itlardan foydalanish natijasida mahsulot tarkibidagi nitrat miqdori bir necha barobar kamayishiga erishildi, xarajatlar esa 5 barobarga qisqardi. Ayni paytda mahsulotlar uchun GLOBAL G.A.P. va Organic xalqaro sertifikatlarini olish ishlari jadal olib borilmoqda.
Paxtakor tumanidagi innovatsion agromajmua
Zamonaviy agrar taraqqiyotning yana bir yorqin namunasi Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida namoyon bo‘ldi. Bu yerda barpo etilgan qiymati 23,8 milliard so‘mlik yirik agromajmuada zamonaviy ofis, ilmiy laboratoriya, tajriba uchastkalari, 1 gektarlik issiqxona va 50 kilovattlik quyosh panellari yagona tizimda uyg‘unlashgan.
Bu yerda robot traktorlar, dronlar va «aqlli» sug‘orish tizimlari yordamida agrotexnik tadbirlar yuksak aniqlikda amalga oshirilmoqda. Sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda tuproq namligi doimiy nazorat qilinib, suv va energiya resurslari tejalmoqda. Bu majmua nafaqat mahsulot yetishtirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va yosh kadrlarni tayyorlashda ham strategik ahamiyat kasb etadi.
2026-yil: istiqboldagi yuksak maqsadlar
«Mirzacho‘l–Agro Star» MCHJ tomonidan 2026-yilda poliz ekinlari yetishtirishni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli rejalar belgilangan:
- Mirzacho‘l tumanida: 200 gektar maydonda qiymati 23 milliard so‘mlik ekologik toza agromajmua barpo etilmoqda.
- Ko‘kdala tumanida: 420 gektar maydonda “Xoller”, “Bombeiro” va “Esaul” kabi eksportbop navlar ekilmoqda.
- Sardoba tumanida: 18 gektarda ko‘chat parvarishi va dehqonlarga 11,2 ming tup ko‘chat yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.
- Mirzaobod tumanida: Qovunni quritish va qadoqlash loyihasi hayotga tatbiq etilmoqda.
- Oqoltin tumanida: M-39 trassasi bo‘yida ixtisoslashgan do‘konlar tarmog‘i barpo etilmoqda.
- Xorazm viloyati: Yangibozor tumanida 473 gektar maydonda qayta ishlash va urug‘chilik plantatsiyalari tashkil etilmoqda.
2026-yil yakuniga qadar 20 ming gektar maydonda qovun va tarvuz yetishtirish orqali eksport hajmini 30 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Yetishtiriladigan 7,5 ming tonna yuqori sifatli mahsulot Yevropa, Amerika va arab davlatlari bozorlariga eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalar va xalqaro tajribaning kirib kelishi soha rivojida muhim burilish yasamoqda. Bu kabi istiqbolli loyihalar nafaqat iqtisodiy samaradorlikni ta’minlashga, balki milliy dehqonchilik an’analarini zamonaviy qiyofada davom ettirishga xizmat qiladi. Belgilangan vazifalarning sifatli ijrosi esa yurtimizning agrar sohadagi nufuzini yanada mustahkamlab, xalqimiz farovonligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
M. Nasriyeva,
O‘zA