Pokistonlik tadbirkorlarning Orolbo‘yiga tashrifi
Pokiston Islom Respublikasining «AKD Group», «Tahir Asad Industries» hamda «Farm Dynamics Pakistan» kompaniyalari vakillari Qonliko‘l tumanida bo‘ldi.
Dastlab tuman hokimi Abu-Bakir Ibragimov bilan uchrashuv tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2020 yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida hududni rivojlantirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
Har bir shahar va tumanda 2 tadan faoliyat turi o‘ziga xos “o‘sish nuqta”si etib belgilanib, ularga vazirlar va banklar biriktirildi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirishda mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari ham munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Jumladan, o‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasining 40 dan ziyod xorijiy davlatdagi Favqulodda va muxtor elchilari, diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan muzokaralar olib borgan edi.
Ushbu hamkorlikning uzviy davomi sifatida tashrif buyurgan mehmonlar bilan uchrashuvda tumanning investitsion salohiyati, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar, tadbirkorlarga yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Pokistonlik tadbirkorlar “Qonliko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi fermerlarning faoliyati bilan tanishdi. Muzokaralardan so‘ng hududda kartoshka va “basmati” navli guruch yetishtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA