Pok niyat bilan ahillikda ishlash samarasi
Rosti, xorijning mantiqsiz seriallari me’daga urganidanmi, bunday ko‘p seriyali filmlar o‘zi kerakmi, deb ko‘p o‘ylardim.
Kuni kecha o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan "Ezgulik hududi" serialining Sofiya shahrida bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo makonidagi "Slavyanskiye skazki" VIII xalqaro telekinofestivalida "Eng yaxshi rejissyorlik ishi uchun" nominatsiyasida Gran-pri mukofotiga sazovor bo‘lgani haqidagi xabar mukammal kartinaga hamisha talab va e’tibor katta ekanini yana bir karra isbotladi.
Kartina ijodkorlari bilan uning yaratilishi tarixi, suratga olishning o‘ziga xos jarayonlari xususida suhbatlashdik.
Kinoijodkorlarga "Ushbu serialning yaratilishiga nima turtki bo‘lgan? " degan savol bilan yuzlandik.
–- "Ezgulik hududi" serialini yaratishga oid g‘oya aslida davlatimiz rahbariga taalluqli, – dedi serial badiiy rahbari, "O‘zbektelefilm" studiyasi direktori O‘tkir Ahmedov. – Mahallalarda voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha profilaktika nozirlari faoliyati endi-endi yo‘lga qo‘yilayotgan paytlar edi. Bilamizki, yoshlar tarbiyasi, ularning katta hayot ostonasidagi bosgan qadami, umr yo‘lidagi mo‘ljalni to‘g‘ri olishi ko‘p jihatdan mahalladagi voyaga yetmaganlar bilan ish olib boruvchi profilaktika inspektorining kasbiy mahorati, bilimi, salohiyati, insoniy fazilatlariga ko‘p jihatdan bog‘liqdir.
"Ezgulik hududi"ko‘p seriali kartinasi ham aynan keyinchalik boshqaruvga o‘tib ketish niyati bilan ish boshlagan profilaktika inspektorining faoliyati, bu kasb bora-bora uning umr mazmuni, hayot tarziga aylanib qolishi xususida hikoya qiladi. Aslida 10 qismdan iborat ushbu serial 2018 yilda yaratilgan. O‘tgan 2020 yil butun dunyoda og‘ir pandemiya sharoiti bo‘lgani sababli, bu yil onlayn o‘tkazilgan mazkur xalqaro festivalning natijasi biz ijodkorlarga katta kuch, ilhom bag‘ishladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
-- Serialning xalqaro miqyosdagi yuqori e’tirofiga qanday omillar sababchi bo‘lgan?
–- Sir emaski, bugungi kunda aksariyat kinochilar asarning ezgu maqsadini, odamlarga yaxshilik ulashishga oid insonparvar missiyasini, yumshoq aytganda, unutib qo‘ymoqda, — dedi "Ezgulik hududi" kartinasi postanovkachi rejissyori Muzaffarxon Erkinov. -- Xalqaro festival mutasaddilarining fikricha, "Ezgulik hududi" seriali bugun kinoda tobora kamayib borayotgan tendensiya, ya’ni tomoshabinni yaxshilikka undashi, ishonch, umid, yorug‘lik bag‘ishlashi, pozitiv kayfiyati bilan diqqatga sazovor.
– Ma’lumki, bugungi globallashuv davrida O‘zbekistondagidek mahalla instituti jahonda yagona va o‘ziga xos institut sanaladi, – so‘zida davom etadi Muzaffarxon Erkinov. – Uning o‘ziga xosligi odamlar, oilalar, yoshlar taqdiriga mas’uliyat bilan yondashishi, mehr, saxovat, muruvvat, odamiylik kabi ko‘p asrlik ibratli qadriyatlarni o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir. Bu jihatlar kartinada imkon qadar hayotiy ochib berishga harakat qilingan. Bugun ma’naviyat masalasi tobora ko‘ndalang va dolzarb bo‘lib turgan bir murakkab davrda faqat pultopar, turli salbiy illatlarni, yomonliklarni targ‘ib etuvchi filmlar ekranlarimizni egallab olganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shu sababli ham davlat rahbari tomonidan ijodkor ziyolilar, ayniqsa, kinochilar zimmasiga badiiy jihatdan pishiq, mukammal asarlar yaratish bo‘yicha o‘ta dolzarb vazifalar qo‘yilayotgani bejiz emas.
-- Yaxshi kino asarning muvaffaqiyatida ijodiy jamoaning puxta shakllantirilgani ham asosiy omil sanaladi. Shunday emasmi?
Bu savolimga serial badiiy rahbari O‘tkir Ahmedov shunday javob qaytardi:
– Darhaqiqat, "Ezgulik hududi"ning xalqaro miqyosdagi yutug‘i bu – film ssenariyi mualliflari Elmira Hasanova, Nazar Eshonqul, postanovkachi operator Ravshan Mirzakamolov, asosiy rollarda qatnashgan aktyorlar – Shohruh Hamdamov, rahmatli Hoshim Arslonov, xalqimizning sevimli san’atkori Saidkomil Umarov, Yulduz Rajabova, yana ko‘plab biz nomlarini sanamagan ijodkorlarning ahil, bir jamoa bo‘lib mehnat qilgani tufaylidir. Yaxshi niyatlar bilan, hamfikr, yakdil, bir-birini to‘g‘ri tushunib, astoydil qilingan mehnat albatta o‘zining yaxshi natijasini beradi.
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova suhbatlashdi.