Piyodalar harakatiga hamohang Piyodalar chiroqlari
Yurtimizda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish maqsadida hududlarni obod qilish, qishloq va mahallalarda ichki yo‘llar, ichimlik suv, elektr energiyasi, gaz ta’minoti, shuningdek, boshqa bir qator infratuzilma ob’ektlarini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida ham keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari olib borilyapti. Jumladan, tumanning “Bo‘g‘irdoq” mahallasidagi Mustaqillik ko‘chasiga noan’anaviy ko‘cha yoritish chiroqlari o‘rnatilmoqda. Ular turdoshlaridan bir qator afzalliklarga ega.

– Chiroqlarning ustki qismiga maxsus panellar o‘rnatilgan bo‘lib, bu ularga quyosh energiyasi asosida ishlash imkonini beradi. Boshqacha aytganda, elektr uzatish tarmoqlariga sira ehtiyoj sezilmaydi, – deydi mahalla raisi Hasan Eshimov. – Ushbu yoritish chiroqlarida fotorele moslamasi ham mavjud. Bu shu chiroqlarning faqat qorong‘i tushgan paytdagina avtomatik tarzda ishga tushishini ta’minlaydi. Chiroqlar yo‘lovchi harakatlangan paytdagina yon-atrofni yoritadi. Harakat to‘xtashi bilan chiroqlar avtomatik tarzda o‘chadi. Bunga sensor datchiklar o‘rnatilgani tufayli erishiladi, albatta.
Ushbu tungi yoritish chiroqlarining yana bir qulayligi shundaki, quyosh energiyasidan olti soat davomida zaryadlangan bitta lampaning yoritish quvvati uch kungacha yetadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA