Piskentdagi muammolar tizimli hal etiladi
Aholini ijtimoiy himoya qilish bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biriga aylandi.
Ayniqsa, murakkab sharoitda yashayotgan ehtiyojmand aholi vakillari holidan xabar olish, ularga g‘amxo‘rlik qilish alohida e’tiborda.
O‘zbekiston fermerlar, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Toshkent viloyati Piskent tumanida ishsiz yoshlar, «Ayollar daftari» va «Temir daftar»ga kiritilgan fuqarolar bilan uchrashdi. Uchrashuvda ularning bandligini ta’minlash choralari ko‘rildi.
Qayd etish kerakki, yurtimizda aholi tomorqalaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, tomorqa nafaqat aholi bandligini ta’minlash, balki qo‘shimcha mo‘may daromad topishga zamin yaratadi.
– Ehtiyojmand oilalarning bo‘sh turgan tomorqalariga kichik issiqxonalar qurish, uzumzor tashkil etish, parrandachilik, quyonchilik yoki asalarichilik bilan shug‘ullanish oilalarga foyda keltirishi borasida suhbatlashdik, – deydi kengashning yetakchi mutaxassisi A.Abdukarimov. – Bunday amaliy sa’y-harakatlar orqali aholini boqimandalikdan xalos etib, jamiyatimizning faol qatlami safiga qo‘shish – bosh maqsad etib belgilangan.
Piskent tumanida hozirda 5 ming 500 dan ortiq xonadon mavjud bo‘lib, joriy yilgi dasturda har bir xonadonga kamida 4 tadan mevali ko‘chat ekish belgilangan. Mazkur ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tumandagi «Tomorqa xizmati» amalga oshiradi. Albatta, aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu muhim yumushda MFY raislari va tomorqa bo‘yicha o‘rinbosarlariga ham mas’uliyatli vazifa yuklatilgan. Ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash asnosida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish qiyin bo‘lgan joylarda artezian quduqlari barpo etish ham mo‘ljallangan.
Tadbirda tuman 2-sektor hududidagi yechimini kutayotgan muammolarni tizimli ravishda yechish bo‘yicha tuman prokurori mahallabay asosida ishlarni tashkil qilish bo‘yicha aniq rejalarni ma’lum qildi.