Pirs Morgan: «Harri Keyn o‘zining ajoyib formasi bilan Angliyaga Jahon chempionligini taqdim etishi mumkin»
Tajribali hujumchi yakunlanayotgan mavsum davomida myunxenliklar va Angliya milliy terma jamoasi safida barcha turnirlarni qo‘shib hisoblaganda raqiblar darvozasiga jami 66 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Britaniyalik taniqli teleboshlovchi hamda Londonning «Arsenal» klubi ashaddiy muxlisi Pirs Morgan Myunxenning «Bavariya» klubi va Angliya terma jamoasi hujumchisi Harri Keynning joriy mavsumdagi sermaxsul ko‘rsatkichlariga yuqori baho berdi.
Tajribali hujumchi yakunlanayotgan mavsum davomida myunxenliklar va Angliya milliy terma jamoasi safida barcha turnirlarni qo‘shib hisoblaganda raqiblar darvozasiga jami 66 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Pirs Morgan o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ushbu ko‘rsatkichga to‘xtalib, quyidagicha fikr bildirdi:
— Bu shunchaki hayratlanarli statistika, — deb yozadi Pirs Morgan. — Endi Keyn «Tottenxem» o‘yinchisi bo‘lmaganidan keyin, men uni hozirgi zamonning eng yaxshi forvardlaridan biri deb bemalol ayta olaman. U o‘zining ajoyib va yorqin formasi orqali Angliya terma jamoasiga bo‘lajak jahon chempionatida g‘oliblikni taqdim etishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bosh murabbiy Tomas Tuxel tomonidan Fil Foden va Koul Palmer kabi yulduzlar tarkibdan tashqarida qoldirilgan bir vaziyatda, aynan 66 ta gol urishga erishgan Keyn Angliya terma jamoasining Shimoliy Amerika maydonlaridagi asosiy quroli bo‘lishi kutilmoqda.
Futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati joriy yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSH, Kanada va Meksika mamlakatlarida bo‘lib o‘tadi.