Pillakorlar yangilanayotgan Konstitutsiyaga befarq emas
Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi teatr-konsert saroyida “O‘zbekiston Konstitutsiyasi bu – bizning Bosh Qomusimiz” shiori ostida “Pillakorlar sayli” dasturi doirasida gala-konsert bo‘lib o‘tdi.
Viloyat markazida bo‘lib o‘tgan tadbir ipakchilik sohasi fidoyilarini, sohadagi faol tadbirkorlarni bir yerga jamladi. Ushbu targ‘ibot tadbirida yangilanayotgan Konstitutsiyada o‘z ifodasini topayotgan o‘zgarishlar, yangi normalar haqida so‘z bordi. Keng jamoatchilik vakillari, yoshlar va taniqli san’atkorlar ishtirokidagi bayram dasturi barchaga birdek ko‘tarinkilik baxsh etdi.



Yangi tahrirdagi Konstitutsiya xalqchilligi, inson huquq va manfaatlari yanada mustahkamlanayotgani bilan ahamiyatlidir. Shu bois har bir yurtdoshimiz 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendumda faol ishtirok etishini, siyosiy jarayonga befarq emasligini bildirmoqda. Mazkur tadbirda bosh qomusimizda avvalo inson qadri ulug‘vor maqsad ekanligi misollarda izohlab berildi. Xususan, pilachilik kabi odamlarni kasbu korli, daromadli qilishga qaratilgan islohotlarning bundan keyin ham yanada taraqqiy etishiga ishonch bildirildi.
–Mamlakatimizda barcha sohalar qatori pillachilik ham yil sayin rivojlanmoqda. Yaqin yillarda pilla va ipak bo‘yicha dunyoning yetakchi davlatlari qatoridan joy olishimizga ishonaman. bugungi tadbir bahonasida fidokor pillakorlarimiz va qishloq xo‘jaligida o‘rnak ko‘rsatayotgan yurtdoshlarimizga ehtirom ko‘rsatildi. Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz yurtimiz rivoji, odamlarimiz baxtli hayoti uchun zamin bo‘lishiga shubha yo‘q, – deydi Farg‘ona viloyati “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati boshqaruv raisi Maqsudjon Qosimov.
Shu kunlarda Farg‘ona viloyatidagi 5 ta pillani qayta ishlash klasterlarida qabul punktlari shay holatga keltirilgan. Birgina shu mavsumning o‘zida 34 ming nafar fermer xo‘jaliklari a’zolari hamda 7,2 ming nafar kasanachilar tomonidan 41,2 ming quti ipak qurti boqilib, 2,4 tonnaga yaqin xom ashyo yetkazib berish maqsad qilingan. Yil yakuniga qadar Farg‘ona viloyatida 9,2 million dollarlik pilla va ipak mahsuloti eksport qilish rejalashtirilgan. Pilladan olinadigan sof daromad esa 291,1 milliard so‘mni tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA