Pilladan bir xonadon bir oyda o‘rtacha 32 milliondan ortiq daromad olmoqda
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov Sirdaryo viloyati Boyovut tumani hokimi Dilfuza O‘rolova bilan tumandagi bahorgi ipak qurti urug‘larini parvarishlash mavsumi jarayonlarini o‘rgandi.
Qayd etilishicha, pilla boquvchi har bir xonadon inkubatoriyaning o‘zidan 9 kunda 2 million 500 ming, pilladan 24 kunda 29 million 500 ming foyda ko‘radi. Umumiy olganda bir xonadon 33 kunda o‘rtacha 32 milliondan ortiq daromad olmoqda.
Shuningdek, pillakorga 14 gektar yer berilgan bo‘lib, undagi tutzorlar orasiga ekilgan mahsulotlardan o‘zi foydalanadi.
Qo‘mita raisi tumandagi tadbirkorlar bilan uchrashib, Prezidentimizning joriy yil 7 aprel kuni viloyatga tashrifi doirasida bildirgan iqtisodiy zonalar yaratish takliflariga muvofiq Boyovut tumanida Pillani qayta ishlash korxonasi qurish bo‘yicha maslahatlashib olindi.
Unga ko‘ra, yil yakunigacha ushbu rejani amalga oshirib, pillani qayta ishlash korxonasini qurib bitkazishga kelishib olindi. Mazkur korxona ishga tushishi natijasida tumanda yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Eksportga chiqariladigan tovarlardan tushgan mablag‘ ham to‘liq tuman foydasiga qoladi.
Shu bilan bir qatorda qo‘mita raisi inkubatoriyalarda jonlantirishga qo‘yilgan ipak qurti urug‘lari holatini o‘rganib, inkubistlarga esdalik sovg‘alarini taqdim etdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA