Permdagi yurtdoshlarimiz muammolari o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, agentlikning Rossiya Federatsiyasi Yekaterinburg shahridagi vakolatxonasi xodimlari Perm o‘lkasi “Dom-59” MCHJ rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar mazkur korxonada ishlayotgan yurtdoshlarimizning oylik ish haqi, ularni asossiz ishdan bo‘shatish bilan bog‘liq, shuningdek pilot loyihasi bo‘yicha imzolangan kelishuv ijrosi kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda vakillarimiz tomonidan ish beruvchiga mazkur hujjatning ayrim talablar bajarilmayotgani bo‘yicha ma’lumot berildi. Shundan so‘ng, mutasaddilarimiz mehnat migrantlarining yashash joyi va ish sharoitini yana bir bor ko‘zdan kechirishdi.

Muloqot chog‘ida hamyurtlarimizning taklif va muammolari ham tinglandi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Vakolatxona xodimlari fuqarolarimiz bilan suhbatlashish jarayonida boshqa turli masalalar ham ko‘tarilib, mavjud muammolarni hal etishga kirishildi.
O‘zA