Pensiya va nafaqalar qanday hollarda tekshirilmaydi?
Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi axborot xizmati ushbu savol yuzasidan quyidagi ma’lumotlarni taqdim qildi.
Qayd etilishicha, davlat pensiyalari, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya hamda boshqa to‘lovlarning to‘g‘ri tayinlanishi va to‘lanishini nazorat qilish Moliya vazirligining davlat moliyaviy nazorat departamenti zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, pensiya va nafaqalarni to‘g‘ri tayinlanishi va to‘lanishi yuzasidan doimiy ravishda o‘rganish va tekshirish ishlari olib boriladi. Kameral nazorat tekshirishlari natijasida aniqlangan ortiqcha to‘lovlarning undirilishi monitoring qilinadi.
Ortiqcha to‘lovlarning aksariyati fuqaroning aybi bo‘lmagan holdagi texnik xato yoki arxiv hujjatlarini to‘liq saqlanmaganligi natijasida yuzaga keladi.
Pensiya ishlarining asosiy qismi bir necha yil avval tayinlanganligi sababli pensionerlardan yirik (pensiya miqdorining bir necha barobari) miqdorda ortiqcha to‘lovlar undirish talab etib kelingan. Bu esa keksa yoshdagi fuqarolarning haqli e’tirozlariga hamda ularning iqtisodiy holatiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatayotgan edi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, tekshirilgan pensiya ishlaridan aniqlangan ortiqcha to‘lovlarning aksariyat qismi 2020 yil 1 yanvar holatiga (qariyb 90 foiz) bir necha yil ilgari (2017 yilgacha) tayinlanganligi sababli pensionerlardan yirik miqdorda ortiqcha to‘lovlar undirishni taqozo etib, keksa yoshdagi fuqarolarning ko‘plab haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3 fevraldagi ”2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida 2021 yil 1 iyundan boshlab pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr — 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasida mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasligi, uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo‘yicha aniqlangan ortiqcha to‘lov undirilishining bekor qilinishi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2017 yil 29 noyabrdagi qaroriga asosan ortiqcha to‘langan pensiya miqdorini undirish haqidagi talablarga O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 150-moddasida belgilangan umumiy uch yillik da’vo muddati qo‘llanilishi belgilangan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA