Pekinda yashagan turkistonliklar
Tarix zarvaraqlari
O‘rta asrlarda Xitoyda turkistonlik, arabistonlik va eronlik bir qancha yirik munajjimlar, astronomlar, geograflar va tabiblar yashagan. Shular qatorida Turkistondan borganlar salmoqli o‘rinni egallagan.
Jamoliddin Buxoriy - Chjamoluding
Xitoylar Chjamoluding deb atagan buxorolik Jamoliddin yetuk astronom va geograf olim edi. U Xitoyga Munkexon (1208–1259) davrida boradi. Yuan imperiyasining birinchi imperatori Xubilay Shizu davrida chuqur bilimi bilan yuksak obro‘-e’tibor topadi.
Jamoliddin Xitoyga o‘zi bilan 20 dan ortiq ilmiy kitob olib borgan edi. Shu bois u yerda turkiy, arab, fors tillardagi qo‘lyozma kitoblar to‘plandi.
1267 yilda Jamoliddin Buxoriy Xubilayga «10 ming yil taqvimi» – xitoycha «vannyanli» deb ataladigan musulmon taqvimi va astronomik asboblarni taqdim etgan. 1271 yilda xoqonning ijozati bilan Pekinda osmon jismlarini o‘rganish maqsadida rasadxona qurgan va unga mas’ul xodim etib tayinlangan. Va shu ishi bilan Pekinda Turkiston astronomiya ilmiga tayangan ilm dargohining tashkil topishiga asos solgan.
1282 yilgacha bo‘lgan vaqtda Jamoliddin Buxoriy astronomiya, geografiya, matematika fanlarining mashhur olimlari asarlarini Pekinga oldirib kelgan. Ularni jamlab, Xitoy olimlarining asarlari bilan taqqoslash orqali yangi asar yozishga kirishgan. U shogirdlari va unga ixlosmand ilm ahli yordamida bu ishini muvaffaqiyatli bajargan. Yangi asar xitoy va turkiy tillarda bitilgan. Asar «Chji Yuan yitungchji» – «Yuan davrida umumlashtirilgan bayon» deb nomlangan. Uning turkiy tildagi nomi manbalarda keltirilmagan. Ushbu asarda Xitoy, Markaziy va G‘arbiy Osiyo haqidagi ma’lumotlar qamrab olingan.
Xitoylik olimlar ushbu asarning paydo bo‘lishini «Xitoyning zaminshunoslik tarixida misli ko‘rilmagan voqea bo‘lgan», deyishadi.

Kamoliddin – Kemalading
Jamoliddin Buxoriy bilan zamondosh bo‘lgan Kamoliddin ham astronom olim edi. 1278 yilda bu olim Pekinda Jamoliddin Buxoriy tomonidan barpo etilgan rasadxonaning boshlig‘i yordamchisi etib tayinlanadi. Manbalarda keltirilishicha, Ansi viloyatining hokimi Ananda talabiga binoan, Kamoliddin har yili ikkita musulmon taqvimini tuzib, unga yuborib turgan. Bu taqvimlar xitoychada «xueyxuey liri» deb nomlangan bo‘lib, ular Turkistonda ishlab chiqarilgan qog‘ozlarga bitilgan.
Muhammad Buxoriy – Maxama Buxalaren
Astronomiya bilan shug‘ullangan bu olimning Pekinda faoliyat ko‘rsatgan davri o‘n uchinchi asrning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Mo‘g‘ul qo‘shinlari Buxoroni egallaganda olib ketilgan hunarmand va olimlar bilan Pekinga borib qolgan.
Muhammad Buxoriyning uch o‘g‘li bor edi. To‘ng‘ichi Said-mish xon o‘rdasi Daduda davlat xizmatida bo‘lgan. Ikkinchisi Hasan yuzboshi lavozimida xizmat qilgan. Uchinchisi yoshligida olamdan o‘tgan.
Said-mishning farzandi Ahmad – Axama 30 yoshida vafot etib, undan ikki o‘g‘il qoladi. Kattasining ismi Mansuraddin – Mashuding edi. U 1334 yildan davlat arbobi, deya e’tirof etiladi. Uning Yuan saroyida ko‘rsatgan xizmatlari uchun Said-mish va o‘g‘li Ahmad «syan’yang jyungung» deb atalgan beklik unvoni bilan mukofotlangan.
Shayxlar
Xitoyda Yuan sulolasi tashkil etilgandan so‘ng poytaxt Dadu shahriga ko‘chirilgan. Ammo Pekin bundan ancha ilgari mo‘g‘ullar qo‘liga o‘tgan bo‘lib, shaharda katta qurilish ishlari olib borilgan edi. Bu yerga Turkistondan ko‘plab hunarmandlar, olimlar, rassomlar, din arboblari, savdogarlar olib kelingan edi.
Shayx Ali Imomaddin Buxoriy va Shayx Muhammad bin Ahmad Burtan Kosoniy Pekinda islom dinini targ‘ib qilish, islomni qabul qilganlarning savodini chiqarish bilan shug‘ullanib, yuksak obro‘ga ega bo‘lgan olimlar edi.
Turkistonlilar 3 000 xonadon
1263 yilda davlatning soliq tizimini takomillashtirish maqsadida aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, Pekinda 3 000 xonadondan iborat turkistonlilar yashagan. Ayniqsa, samarqandliklar ko‘pchilikni tashkil qilardi. Ularning barchasi deyarli bir joyga joylashtirilgan edi. Ularning hammasi musulmon ekanligi, urf-odatlari, tili bir bo‘lganligi shunday qilishni taqozo etardi.
Pekinda yashovchi turkistonlilarga ichki ishlarini tartibga solishda islom qonun-qoidalariga asoslanishga ruxsat berilgan. Ularni idora qilish uchun amaldor qozi tayinlanib, unga xalqni boshqarish bilan birga sud ishlarini shariat asosida hal etish ham topshirilgan.
O‘sha zamonda xon saroyida xorazmlik Mahmud Yalavochning moliya ishlari bo‘yicha katta lavozimda bo‘lganligi ham turkistonlilarning bir joyda yashashiga ma’lum darajada ta’sir etgan.
Pekinda ikki o‘zbek mahallasi
Pekin markazidan sal chetroqda turkistonlilar yashagan nisbatan katta ikkita mahallaning biri Nyuje, ikkinchisi Veygun sun deb nomlangan.
Ilgari Nyuje mahallasi o‘rnida majnuntol ko‘p o‘sganligi uchun uni pekinliklar Lyushu sun – Tolzor qishlog‘i deb atashgan. Bu mahallada yashagan turkistonlilar bog‘dorchilik bilan shug‘ullanib, Turkiston mevalarini, xususan, anorni ko‘proq ekkanlar. Shuning uchun ham Tolzor qishlog‘ini keyinchalik Shilyu je – Anorzor mahallasi deb ham ataganlar.
Nyuje mahallasida yashovchilar o‘zlarini sut, qaymoq kabi mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida sigirlarni ham ko‘p boqishgan. Xitoyliklar uchun bu g‘ayriodat bo‘lgani bois mahalla nomini Nyuje – Sigir mahallasi deb o‘zgartirganlar. Bu nom hozirgacha saqlanib qolgan.
Hammasi Ablat Xo‘jayevning «Buyuk Ipak yo‘li» kitobida
Bu ma’lumotlar taniqli xitoyshunos olim, tarix fanlari doktori Ablat Xo‘jayevning «Buyuk Ipak yo‘li» kitobidan olindi. Unda Buyuk Ipak yo‘li, Тuркистоннинг Xitoy bilan aloqalari, qadimiy ajdodlarimiz haqida muhim, ko‘p ham e’lon qilinmagan ma’lumotlar, xabarlar, voqea va tafsilotlar o‘rin olgan. Olim Ablat Xo‘jayev shunday yozadi:
«Xitoyda xizmat safarida bo‘lganimizda Nyuje mahallasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Nyuje mahallasi Pekinning janubi-g‘arbiy qismidagi Yung’dingxe daryosi sohilida joylashgan. Bu yer sersuv, dehqonchilik va bog‘dorchilikka qulay bo‘lgan.
Mahallada yashovchilar orasida tashqi qiyofasi o‘zbeklarga va boshqa turkiy xalqlarga o‘xshaydiganlari ko‘p uchraydi. Ammo ular o‘zlarining uzoq o‘tmishdagi ajdodlarini bilmaydilar. Bu haqda aniq yozma ma’lumotlar ham saqlanmagan.
Nyuje mahallasidagi ko‘chalar tor va bir qavatli uylar zich joylashgan edi. Yaqinda ushbu uylar buzilib, uning o‘rniga ko‘p qavatli imoratlar qurildi.
Baland imoratlar orasida faqat birgina ko‘hna masjid saqlanib qolgan. Bu masjid hovlisida ikki zot – Shayx Ali Imomaddin Buxoriy va Shayx Muhammad bin Ahmad Burtan Kosoniyning qabri bor.
Nyuje masjidi Pekinda mavjud bo‘lgan 30 dan ortiq masjidning eng qadimiysi hisoblanadi».
“Vatanparvar” muxbiri Furqat Ergashev tayyorladi.