Pedofiliya: Eng samarali jazo — umrbod qamoq
Jamiyatda bolalar xavfsizligini ta’minlash eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shunga qaramay, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlari hanuzgacha dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Pedofiliya – voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jinsiy qiziqish bilan ifodalanadigan psixologik holat bo‘lib, bu huquqiy jihatdan jinoyat, bolaning jismoniy va ruhiy rivojiga chuqur zarar yetkazuvchi omil sifatida baholanadi.
Pedofiliya qurboniga aylangan bolalarda eng chuqur va og‘ir asoratlar ruhiy holatda namoyon bo‘ladi. Bunda bolalar ko‘pincha kuchli psixologik travma holatini boshdan kechiradi. Bundan tashqari, jabrlangan bolalarda o‘z-o‘zini baholashning keskin pasayishi, uyat va izolyatsiya hissining kuchayishiga olib keladi. Ayniqsa, zo‘ravonlik yaqin insoni tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, bolaning insonlarga bo‘lgan ishonchi izdan chiqadi va bu kelajakdagi munosabatlarga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Pedofiliya faqat ruhiy zarar bilan cheklanmaydi, balki bolaning jismoniy salomatligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda nevrologlar olib borayotgan tadqiqotlarga ko‘ra, uzoq davom etgan stress natijasida miya faoliyatida, xususan, hissiy boshqaruv, xotira va diqqat bilan bog‘liq jarayonlarda o‘zgarishlar kuzatiladi. Bu esa bolaning o‘qish qobiliyati va umumiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Pedofiliya oqibatlari ko‘pincha ulg‘aygandan keyin ham saqlanib qoladi. Zo‘ravonlikka uchragan shaxslar ko‘pincha ulg‘aygandan so‘ng ham ijtimoiy va oilaviy munosabatlar qurishda qiyinchiliklarga duch keladi. Shuningdek, bolalikdagi zo‘ravonlik kelajakda turli salbiy xulq-atvor shakllariga olib kelishi ehtimoli mavjud. Jumladan, depressiya, o‘z-o‘ziga zarar yetkazish, zararli odatlarga moyillik va agressiv xatti-harakatlar kuzatilishi mumkin. Ayrim holatlarda travma natijasida shakllangan psixologik muammolar shaxsning jamiyatga moslashuvini qiyinlashtiradi, uning ta’lim va kasbiy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yuqorida pedofiliya sabab yuzaga keladigan muammolarni bejizga keltirib o‘tmadik. Xo‘sh, bu kabi jamiyatda eng jirkanch va og‘ir jinoyatga qanday jazo qo‘llash kerak?! Dunyo miqyosida tahlil qiladigan bo‘lsak, qo‘shni Qozog‘iston Respublikasida “Bolalar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun asosida pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya qo‘llashga ruxsat berildi. Shuningdek, jinoyat og‘irligiga qarab umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham qo‘llaniladi.
Rossiyada so‘nggi yillarda bu turdagi jinoyatlarga chora keskin kuchaytirildi. Jumladan, 4 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi, majburiy tibbiy choralar (jumladan, kastratsiya), 2018-yildan boshlab ayrim holatlarda umrbod qamoq jazosi joriy etilgan.
Germaniyada esa pedofiliya jinoyat sifatida qat’iy jazolansa-da, unga psixologik muammo sifatida ham yondashiladi. Jazo turlari quyidagicha: 6 oydan 10 yilgacha qamoq jazosi, og‘ir holatlarda umrbod qamoq jazosi, majburiy psixiatriya davolash chorasi, ixtiyoriy jarrohlik kastratsiyasi qo‘llaniladi.
Ukrainada bunday jinoyatlar uchun 7 yildan 15 yilgacha qamoq jazosi belgilanib, bunday vaziyatda hech qanday amnistiya qo‘llanilmaydi. Pedofillarning ochiq reyestri yuritilib, umrbod ma’muriy nazorat qo‘llaniladi. Bundan tashqari, majburiy kimyoviy kastratsiya ham qo‘llaniladi.
Polshada ham shunga o‘xshash tizim mavjud. Pedofillar maxsus ro‘yxatga olinadi va ularning ma’lumotlari bolalar bilan ishlovchi tashkilotlarga yetkaziladi. Jinoyatchilar 15–20 yilgacha qamoq jazosi hamda ayrim hollarda kastratsiyaga hukm qilinadi.
AQSHda pedofiliyaga qarshi kurash eng tizimli shakllardan biri hisoblanadi. Bunda uzoq muddatli yoki umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi. Ba’zi shtatlarda esa kimyoviy kastratsiya qo‘llaniladi. Jinoyatchilar uchun maxsus ochiq reyestr tuziladi. Ushbu tizim orqali ularning manzili va fotosuratlari e’lon qilinadi va ular bolalar muassasiga yaqin joylarda yashashi va faoliyat yuritishi taqiqlanadi. Pedofil jinoyatchilardan jamiyat ogohlantiriladi.
Xitoy, Eron, Saudiya Arabistoni va boshqa ayrim Osiyo hamda Yaqin Sharq davlatlarida pedofiliya uchun eng og‘ir jazo – o‘lim jazosi qo‘llaniladi. To‘g‘ri, bu yondashuv jinoyatni keskin kamaytirish maqsadida qo‘llaniladi, ammo xalqaro miqyosda bu jazo turining nechog‘lik samaradorligi va inson huquqlariga muvofiqligi yuzasidan turli bahslar mavjud.
Hozirgi kunda mamlakatimizda bolalarga nisbatan jinoyatlarga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanib bormoqda. Shu jarayonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2026 yildan boshlab pedofiliya jinoyatlari uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish belgilandi. Jazoni kuchaytirishga turtki bo‘lgan muhim omillardan biri jamiyatni larzaga keltirgan real voqealar bo‘ldi. Ushbu holatdan so‘ng deputatlar, jumladan, Dilnoza Azizova tomonidan pedofillar uchun umrbod qamoq jazosini joriy etish taklifi ilgari surilgan.
Ilgari amalda bo‘lgan tizimda jazo muddatlari qisqartirilishi, “yaxshi xulq” asosida muddatidan oldin ozodlikka chiqish holatlari kuzatilgan. Bu esa jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi. Hatto ayrim jinoyatchilar takroran jinoyat sodir etgani ham qayd etilgan.
2026-yilgi Davlat dasturida ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish, ayniqsa, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan jinoyatlar uchun eng og‘ir jazo – umrbod qamoqni joriy etish belgilangan.
Pedofiliya kabi og‘ir jinoyatlar muhokama qilinar ekan, ko‘pincha keskin savol paydo bo‘ladi: nega o‘lim jazosi qo‘llanilmaydi?! Ayrim davlatlarda bu jazo mavjud bo‘lsa-da, O‘zbekiston tanlagan umrbod ozodlikdan mahrum qilish shunchaki tasodifiy qaror emas, balki chuqur huquqiy, insonparvarlik va amaliy omillarga asoslanadi.
O‘zbekistonda o‘lim jazosi 2008-yildan boshlab rasmiy ravishda bekor qilingan. Bu qaror, inson huquqlarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan. Qolaversa, har qanday sud tizimida xatolik ehtimoli mavjud. Aybsiz inson qamoqqa tushsa, keyinchalik oqlash mumkin. Ammo o‘lim jazosi qo‘llansa, xatoni tuzatib bo‘lmaydi. Qolaversa, o‘lim jazosi joriy etilsa, shaxslarga nisbatan shantaj, dalillarni soxtalashtirish va guvohlarni yo‘q qilishga urunish kabi holatlar ham keskin kuchayadi. Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, o‘lim jazosi mavjud davlatlarda ham bunday jinoyatlar hanuz uchraydi va bu jazo 100 foiz to‘xtatuvchi omil emas.
Pedofillarga nisbatan qo‘llaniladigan yana bir og‘ir jazo turlaridan biri kastratsiya, ya’ni gormonal dorilar orqali jinsiy istakni susaytirish usuli. Bu amaliyot ayrim davlatlarda mavjud bo‘lsa-da, O‘zbekistonda hozircha asosiy urg‘u umrbod qamoq jazosiga qaratilmoqda. Kimyoviy kastratsiya jinsiy istakni kamaytiradi, ammo jinoyatga olib keluvchi boshqa omillarni, ya’ni psixologik buzilishlar, zo‘ravonlikka moyillikni yo‘qotmaydi. Pedofiliya esa ko‘pincha faqat bilologik emas, balki murakkab psixologik buzulishdir. Shu sababli, faqat gormonal ta’sir orqali jinoyatning to‘liq oldini olish kafolatlanmaydi.
Pedofiliya nafaqat jinoyat, balki bolaning butun hayotiga ta’sir qiluvchi chuqur ijtimoiy-psixologik muammo hisoblanadi. U bolaning jismoniy salomatligi, ruhiy barqarorligi va kelajakdagi hayot yo‘liga jiddiy zarar yetkazadi. Ayniqsa, ruhiy travmalar uzoq yillar davomida saqlanib, shaxsning to‘laqonli rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Shu bois, bu muammoga qarshi kurashishda nafaqat qat’iy qonunchilik, balki profilaktika, bolalarni himoya qilish tizimini kuchaytirish va jamiyatda bu masalaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda pedofiliya uchun umrbod qamoq jazosining joriy etilishi nafaqat jinoyatchilarni jazolash, balki jamiyatda bolalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan strategik qadam hisoblanadi. Eng muhim qoida shuki, jazoni og‘irlashtirishdan ko‘ra, jamiyatni, ayniqsa, bolalarni ishonchli himoya qilish ustuvor hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, umrbod qamoq jazosi kelajak avlodni asrash uchun tanlangan eng to‘g‘ri choradir.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA