Pedagoglar uchun seminar tashkil etildi
2022-2023 o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida yangidan tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablar, tayanch maktablar, maktab-internatlar uchun fanlar yo‘nalishi bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etildi.
Treningda Toshkent shahridagi maktablarning 300 ga yaqin pedagoglari faol qatnashdi. Treninglar ikki yo‘nalishda o‘tkazildi. Birinchi yo‘nalishda baholash tizimi spetsifikatsiyasi, elektron jurnalning yuritilishi, o‘quv reja, o‘quv dastur, taqvim-mavzu reja, dars ishlanmasi tuzish, agentlik tizimidagi pedagoglarga qo‘yilgan standartlar, o‘qitish yondashuvlari kabi yalpi treninglar tashkil etildi.
Ikkinchi yo‘nalishda esa fanlari bo‘yicha qiziqarli, dolzarb va zamonaviy treninglar o‘qituvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu treninglardagi qiziqarli mashg‘ulotlar maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan mentorlar tomonidan o‘tkazildi.
Seminar mobaynida yangi o‘quv yilini mazmunli tashkil etish, o‘quvchilar bilan do‘stona muhit yaratish orqali ulardagi ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ta’lim sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi omillarni bartaraf etish muhim masalalardan ekanligi ta’kidlandi.
Shuningidek, seminarda Milliy o‘quv dasturi asosidagi 6-7-10-sinf va agentlik tizimidagi maktablar uchun maxsus dastur asosidagi yangi darsliklarning o‘ziga xos tomonlari ham taqdimotlar orqali ko‘rsatib o‘tildi.
Agentlikning mas’ul xodimlari va mentorlar tomonidan agentlik tizimidagi maktablar yangi o‘quv yilidan yangicha baholash tizimiga o‘tayotganligi va uning spetsifikatsiyasi haqida qatnashchilarga atroflicha tushunchalar berildi.
N.Usmonova, O‘zA