Payvandchilar malakasini baholashning xalqaro tizimi joriy etilmoqda
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Estoniya Payvandchilar assotsiatsiyasi hamkorligida ISO 9606 xalqaro standarti asosida payvandchilar malakasini baholash va sertifikatlash loyihasi doirasida ish beruvchilar hamda xususiy bandlik agentliklari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, payvandchilarning kasbiy ko‘nikmalarini xalqaro talablar asosida baholash va sertifikatlash, bu mahalliy mutaxassislarning jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirish, yirik sanoat va qurilish loyihalarida xavfsizlik hamda yuqori sifatni ta’minlashning eng muhim yo‘nalishidir.
Loyihaning maqsadi payvandchilarning kasbiy ko‘nikmalarini xalqaro talablar asosida baholash, malakasini tasdiqlash va ularning mahalliy hamda xorijiy mehnat bozoridagi imkoniyatlarini kengaytirish. Xalqaro sertifikatga ega mutaxassislar o‘z malakasini ish beruvchilarga ishonchli namoyish etib, yaxshi haq to‘lanadigan ish o‘rinlariga chiqish imkoniyatini oshiradi.

Tadbirda Estoniya Payvandchilar assotsiatsiyasi direktori Sergey Boaga Estoniya tajribasi bilan o‘rtoqlashib, xalqaro standartlar asosida payvandchilarni tayyorlash va malakasini baholash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.
Uchrashuvda ish beruvchilarning ehtiyoji, mutaxassislarga qo‘yilayotgan talablar hamda payvandchilarni tayyorlash va baholash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
G.Boboyeva, O‘zA