Payariqda yangi kutubxona ochildi
Samarqand viloyati Payariq tumani Chelak shaharchasida hokimlik va Xalq banki tashabbusi bilan bunyod etilgan zamonaviy kutubxona ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi F.Toshev, aksiyadorlik tijorat Xalq banki boshqaruvi raisi o‘rinbosari R.Odinayev yurtimizda aholining kitobga mehri va kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Mazkur ziyo maskani ham ana shu e’tibor samarasi o‘laroq 3 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, bir yil davomida bunyod etildi. Bino ikki qavatdan iborat bo‘lib, yosh kitobxonlar uchun alohida bolalar xonasi, kitoblarning elektron bazasi, matbuot burchagi va boshqa qulayliklar yaratilgan. Turli yosh toifasidagi foydalanuvchilarga mos ijtimoiy-siyosiy, badiiy va ilmiy adabiyotlar keltirildi.

Hozircha kutubxona 3 ming nusxadan ortiq yangi adabiyotlar bilan ta’minlangan. Kitobxonlarning zamonaviy texnologiyalardan va elektron kitoblardan foydalanishi uchun zarur shart-sharoit yaratilgan.

G‘.HASANOV, O‘zA