Paxtakorda “Iqtidor” maktab ansambllari tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi (+video)
Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 14-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Iqtidor” maktab ansambllari respublika tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarni san’atga oshno etish, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish hamda milliy san’at an’analarini asrab-avaylash maqsadida tashkil etilgan tadbirda tumandagi maktablardan 152 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Tanlov davomida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar va sahna ko‘rinishlari hakamlar hay’ati va tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Paxtakor tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Madina Turg‘unovaning ta’kidlashicha, ayni paytda tumandagi har bir maktabda tashkil etilgan “Iqtidor” maktab ansambli to‘garaklarida yuzlab o‘quvchilar doimiy shug‘ullanmoqda. Bu kabi tanlovlar yoshlarning madaniyat va san’atga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, iqtidorini namoyon etish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyatga ega.
[gallery-29074]
Bellashuv ishtirokchilarining ijro mahorati, sahna madaniyati va jamoaviy chiqishlari belgilangan mezonlar asosida baholandi. Yakunlarga ko‘ra, 1-o‘rin 7-sonli maktabning “Nihol” jamoasiga nasib qildi. 2-o‘rinni 5-sonli maktabning “San’at gulshani”, 3-o‘rinni esa 2-sonli maktabning “Yosh ijrochilar” jamoasi egalladi.
G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rinni egallagan jamoa tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Mazkur tanlov iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish va madaniy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/8XVtDC_9qms" title="Paxtakorda “Iqtidor” maktab ansambllari tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jamshid YORBEKOV (surat, video), O‘zA