«Paxtakor» peshqadamga aylangan tur yakunlandi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 23-tur uchrashuvlari doirasida OKMK va «Navbahor» bahsida durang qayd etilgan bo‘lsa, «Lokomotiv» safarda «So‘g‘diyona»dan ustun keldi.
Olmaliqdagi OKMK sport majmuasida o‘tkazilgan bahsda mezbonlar Ahmadullo Muqumjonovning 2-daqiqada kiritgan goli evaziga hisobni ochdi. 40-daqiqada Islom Mamatkazin muvozanatni tikladi.
Ikkinchi bo‘limda Nodir Abdurazzoqov 68-daqiqada OKMKni yana oldinga olib chiqdi. Biroq uchrashuvning qo‘shimcha vaqtida belgilangan penaltini 90+14-daqiqada Shohruh Abdurahmonov aniq amalga oshirib, «Navbahor»ga durangni taqdim etdi.
Turning yana bir uchrashuvida «Lokomotiv» Zominda «So‘g‘diyona»ni 3:2 hisobida mag‘lub etdi. 29-daqiqada Behruz Asqarov mezbonlarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, oradan besh daqiqa o‘tib, Temurxo‘ja Abduxoliqov hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo‘limning 48-daqiqasida Sardor Mirzayev «Lokomotiv»ni oldinga olib chiqdi. 68-daqiqada Lyupcho Doriyev hisobni yana tenglashtirdi. Biroq 81-daqiqada Sardor Mirzayevning uzatmasidan keyin Shodiyor Shodiboyev g‘alaba golini kiritdi.

Turning avvalgi uchrashuvlarida «Neftchi» va «Xorazm» 2:2 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, «Paxtakor» Toshkent derbisida «Bunyodkor»ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu natijalardan so‘ng «Paxtakor» ochkolari sonini 52 taga yetkazib, turnir jadvalida peshqadamga aylandi. Xuddi shuncha ochko to‘plagan «Neftchi» o‘zaro uchrashuvlardagi natijalarga ko‘ra ikkinchi o‘rinda qoldi. «Navbahor» 45 ochko bilan kuchli uchlikni yakunladi.
«Lokomotiv» 38 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. «Nasaf» va «Buxoro» 37 ochkodan jamg‘argan holda beshinchi va oltinchi pog‘onalardan joy olgan. OKMK 36 ochko bilan yettinchi o‘rinda bormoqda.
«Dinamo», «Andijon» va «Qizilqum» hisobida 30 ochkodan bor. Ular to‘plar nisbatiga ko‘ra sakkizinchi, to‘qqizinchi va o‘ninchi o‘rinlarni band etgan. «So‘g‘diyona» 28 ochko bilan 11-o‘rinda, «Surxon» esa 27 ochko bilan 12-pog‘onada joylashgan.
«Qo‘qon-1912» 23 ochko bilan 13-o‘rinda bormoqda. «Bunyodkor» va «Xorazm» 22 ochkodan to‘plagan bo‘lib, 14- va 15-o‘rinlarni egallagan. «Mash’al» esa 4 ochko bilan turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasidan joy olgan.
Superliganing eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida «So‘g‘diyona» vakili Lyupcho Doriyev 15 ta gol bilan peshqadamlik qilmoqda. «Neftchi» hujumchisi Stipe Pericha 13 ta gol bilan ikkinchi, «Lokomotiv» a’zosi Temurxo‘ja Abduxoliqov esa 12 ta gol bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. «Buxoro» vakili Sherzod Esanov 10 ta gol urgan. Anvarjon Hojimirzayev («Dinamo»), Dostonbek Hamdamov va Stefen Chinedu («Paxtakor»), Bobur Abduxoliqov («Nasaf») hisobida 9 tadan gol bor. Husayn Norchayev («Navbahor») esa 8 ta gol muallifi bo‘lgan.

Superliganing 24-tur uchrashuvlari 15–17-oktabr kunlari o‘tkaziladi. 15-oktabr kuni «Andijon» — «Qizilqum» va «Mash’al» — OKMK bahslari soat 19:00 da boshlanadi. 16-oktabr kuni ham shu vaqtda «Bunyodkor» — «So‘g‘diyona», «Qo‘qon-1912» — «Neftchi» va «Surxon» — «Xorazm» uchrashuvlari o‘tkaziladi.
17-oktabr kuni soat 18:00 da «Lokomotiv» — «Nasaf» bahsi boshlanadi. Shu kuni soat 19:00 da esa «Dinamo» — «Buxoro» hamda «Navbahor» — «Paxtakor» uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA