Paxtachida koʻchma savdo doʻkoni ish boshladi
Jumladan, tuman markazidan biroz olisda joylashgan Tinchlik mahallasida Yakka tartibdagi tadbirkor Tolib Eshmoʻminov tomonidan tashkil etilgan koʻchma savdodan hudud aholisi mamnun boʻldi.
Bugungi kunda joylarda COVID-19 pandemiyasi sabab karantin tartibi joriy qilinishi sabab asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xoʻjalik mahsulotlariga boʻlgan talab oshdi. Shu bois, Paxtachi tuman hokimligi va tegishli tashkilotlar hamkorligida tuman miqyosida koʻcha savdo doʻkonlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Har kuni har bir mahallada belgilangan tadbirkorlar tomonidan tuman soliq inspeksiyasi nazorati ostida koʻchma savdolar amalga oshiriladi. Eng muhimi, mazkur savdo doʻkonlari orqali mahsulotlar arzonlashtirgan narxlarda, doimiy aholi yashash joylarida tashkil etiladi. Bu aholiga qulaylik yaratish bilan birga bozorlar va savdo markazlarida fuqarolarning gavjum boʻlishini oldini oladi.
Jumladan, tuman markazidan biroz olisda joylashgan Tinchlik mahallasida Yakka tartibdagi tadbirkor Tolib Eshmoʻminov tomonidan tashkil etilgan koʻchma savdodan hudud aholisi mamnun boʻldi.
– Mahallamizda 550 ta xonadon boʻlib, ikki mingdan ortiq aholi yashaydi, — deydi mahalla raisi Nazira Ahmedova. – Aholi asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xoʻjalik mahsulotlarini xarid qilish uchun 5 kilometrdan ortiq masofada joylashgan “Sultonobod dehqon bozori”ga borib kelishi zarur edi. Bozor haftada bir marta boʻlardi. Bu ortiqcha xarajat va noqulayliklarni keltirib chiqarardi. Hokimlik tomonidan tashkil qilingan koʻchma savdo kunda, kunora oʻtkazilishi karantin davrida barchamizga yengillik boʻldi. Mahsulotlar arzon, sifatli va eng muhimi, uyimizdan uzoqlashmaymiz.

Hokimlik tomonidan belgilangan rejaga muvofiq, aholini un mahsulotlari bilan muntazam taʼminlash maqsadida mahallalarda un mahsulotlari savdosi ham amalga oshirilmoqda. Har bir hududga homiy tashkilotlar tomonidan transport vositalari biriktirilib, un mahsulotlari mahalla markazlariga yetkazilmoqda. 50 kg. un 145 ming soʻmdan mahalla mutasaddilari tomonidan teng taqsimlangan holda aholiga tarqatilmoqda.
- Oʻtgan hafta bozorda unning narxi oshib ketdi, — deydi Xudoyberdi mahallasida yashovchi Hasan Doʻstmurodov. — Oilada yetti jonmiz. Bahor faslida hamma mavsumiy ishlarga kirishadi. Tabiiyki, nonsiz kun oʻtmaydi. Shu bois, aholi biroz un yetishmasligidan biroz qiynaldi. Shuning uchun xalqimizda vahima ham koʻtarildi. Xudo shukur, xalqimizni oʻylaydigan davlatimiz, hukumatimiz bor. Mana mahallamizga kelib un tarqatishmoqda. Barcha endi xotirjam. Vahimaga berilmay, Allohdan virusdan tezroq xolos etishini soʻrab iltijo qilamiz.