Paxta yigʻim terimiga puxta hozirlik koʻrilmoqda
Andijonda paxta hosilini yigʻib-terib olishga tayyorgarlik koʻrish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishlar boʻlib oʻtmoqda.
Andijonda paxta hosilini yigʻib-terib olishga tayyorgarlik koʻrish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishlar boʻlib oʻtmoqda.
Oltinkoʻl tumanida boʻlib oʻtgan ilk yigʻilishda tuman hokimi Nazirjon Oʻrinboyev mazkur yoʻnalishda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, mavjud muammolar xususida batafsil maʼlumot berdi.
Joriy yilda Oltinkoʻl tumanida 5 ming 335 gektar maydonda gʻoʻza parvarish qilinmoqda. 156 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan davlatga 17 ming 789 tonna paxta topshirish belgilangan. Bundan tashqari, har gektar maydondan 10 sentnerdan jami 5 ming 335 tonna qoʻshimcha paxta topshirish maqsad qilingan.
Tumandagi mavjud paxta maydonlari “Sayyora favvorasi plyus” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga berilgan. Ushbu klaster korxona tomonidan erta bahordan fermer xoʻjaliklari bilan hamkorlikda paxtadan moʻl hosil olish uchun belgilangan ishlar, agrotexnik tadbirlar samarali tashkil etib kelinmoqda. Gʻoʻza mineral va mahalliy oʻgʻitlar bilan yetarli darajada oziqlantirildi.
Paxta hosilini oʻz vaqtida va sifatli yigʻib-terib olish uchun uy bekalari, uyushmagan yoshlardan iborat 81 ta terim otryadi shakllantirildi. Otryad safiga 167 nafar terimchi kiritilgan boʻlib, har bir otryadga oʻrtacha 66 gektardan paxta maydoni toʻgʻri keladi.
Terilgan paxta xom ashyosini paxta qabul qilish maskanlariga uzluksiz yetkazib berish maqsadida 120 ta transport vositasi, 183 ta traktor tirkamasi mavsumga shay qilib qoʻyildi. Ayni kunlarda defoliatsiya oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Maslahat yigʻilishida soha mutaxassislari tomonidan fermerlarga zarur tavsiya va maslahatlar berildi. Bir guruh ilgʻor fermerlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Bu kabi uchrashuv-yigʻilishlarni viloyatning barcha tumanlarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.