Pastdarg‘omlik asrga tengdosh onalar yo‘qlandi
Samarqand viloyatida bugungi kunda Ikkinchi jahon urushi davrida frontortida mehnat qilgan 260 nafardan ortiq nuroniylar hayot kechirmoqda. Ular davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibordan bahramand bo‘lib kelmoqda.
Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, bu yil mash’um urushdagi g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan 1941–1945 yillar urush davridagi mehnat fronti qatnashchilariga ham 3 million so‘mdan pul mukofotlari berilishi belgilandi.

Muborak Ramazon oyi davom etayotgan shu kunlarda mahalliy hokimliklar, jamoat tashkilotlari vakillari urush va mehnat fronti qatnashchilari holidan xabar olib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatmoqda.
Jumladan, Pastdarg‘om tumanida ayni paytda 22 nafar mehnat fronti qatnashchisi hayot kechirmoqda. 90-100 yoshli bu nuroniylarning 15 nafarini piru badavlat onaxonlar tashkil etadi.
Xalqaro xotin-qizlar bayrami oldidan tuman hokimi Sh.Rahmonov va jamoatchilik vakillari onaxonlar xonadonlariga borib, ularni bayram bilan tabrikladi.

Tumanning Katta nayman mahallasida istiqomat qilayotgan 97 yoshli Salomat momo Amirovaning suyagi mehnatda qotgan, uzoq yillar qishloq xo‘jaligi sohasida ishlagan, tuman, viloyat va respublika Oliy Kengashi deputati sifatida xalqning og‘irini yengil, mushkulini oson qilish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan. Ayni paytda farzand va nabiralari, evaralari ardog‘ida hayot kechirayotgan onaxon “Shuhrat” medali, I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
– Shu kunlarga yetkazganiga shukr, – deydi Salomat Amirova. – Har tong, avvalo, Yaratganga shukrona aytaman, nevara-chevaralarni ham shunga da’vat qilaman. Biz ko‘rgan kunlar hozirgi avlod uchun cho‘pchakdek tuyuladi, ilohim, ular qiyinchilik ko‘rmasin. Lekin bugungi tinch-osuda kunlarning qadriga yetish, asrab-avaylash kerak.

Quyi Darg‘om mahallasining eng yoshi ulug‘ insoni hisoblangan 100 yoshli Muharram aya Eshmurodova ham yoshlik yillari og‘ir damlarga to‘g‘ri kelganini eslab ko‘ziga yosh oladi, lekin bugungi kunlar uchun shukrona aytishdan charchamaydi.
Tabarruk momolar yo‘qlov va tabrik uchun minnatdorlik bildirib, duolar qildilar.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari