Pastdarg‘omda ot sporti majmuasi ochildi
Milliy gvardiya Pastdarg‘om tumani qo‘riqlash bo‘limida ot sporti majmuasi qurib foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etgan Milliy gvardiya qo‘riqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Z.Bo‘ronov, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi boshlig‘i L.Yaxshilikov va tuman hokimi Sh.Xudoyberdiyev Prezidentimizning shu yil 5 avgustda qabul qilingan “Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarorlari mamlakatimizda ot sporti turlarini rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Mazkur majmua ham ushbu maqsad yo‘lidagi sa’y-harakatlarning bir ko‘rinishi sifatida soha taraqqiyotiga hissa bo‘lishi e’tirof etildi. Bu yerda chavandozlikka qiziquvchi yoshlar ot sporti, uchkurash, polo, zamonaviy beshkurash bo‘yicha mashg‘ulotlarda ishtirok etadi. Mashg‘ulotlarni Milliy gvardiya xodimlari olib boradi.

Marosimda Samarqanddagi mehribonlik uylari va SOS bolalar mahallasi tarbiyalanuvchilari ham ishtirok etib, ushbu maskanda chavandozlikni o‘rganish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi arafasida Milliy gvardiya Urgut tuman qo‘riqlash bo‘limining yangi ma’muriy binosi ham foydalanishga topshirildi.
G‘.HASANOV, O‘zA