Partiyalar plenumlari O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi
Toshkent shahrida 16-yanvar kuni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashining plenumi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahrida 16-yanvar kuni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashining plenumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi N.Umarov va boshqalar mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridan ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, barcha sohalarni izchil rivojlantirish, inson huquq va erkinliklari kafolatlangan kuchli demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
O‘tgan davrda milliy saylov tizimi jahon talablariga mos tarzda takomillashtirildi. Mamlakatimizda saylovlar ko‘ppartiyalik asosida amalga oshirilmoqda.
Plenumda “Adolat” SDPning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi masalasi muhokama qilindi. Mazkur saylovga tayyorgarlik ishlarini kuchaytirish, Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim etish, partiya qurultoyini chaqirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Majlisda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Narimon Majitovich Umarov nomzodini ko‘rsatish taklif qilindi. Mazkur taklifni plenum ishtirokchilari qo‘llab-quvvatladi. Partiya ustaviga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish partiya qurultoyi tomonidan amalga oshiriladi.
* * *
Shu kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashining navbatdagi plenumi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi S.Otamurodov va boshqalar Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi barcha sohalarni izchil ravnaq toptirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Oilaviy tadbirkorlikning huquqiy va iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, milliy hunarmandlikning barcha turi, xizmat ko‘rsatish, servis va turizm sohalarini rivojlantirish va bu boradagi qonunchilik tashabbuslarini ilgari surishda partiya munosib hissa qo‘shayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2014-yil 26-dekabrdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilinib, mazkur saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Plenumda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega tadbir – 2015-yil 29-mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyaning ishtiroki bilan bog‘liq masala ko‘rib chiqildi. Unda “Milliy tiklanish” partiyasidan nomzod ko‘rsatish masalasi muhokama qilindi.
Partiyaning syezdi muhokamasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining a’zosi Akmal Xolmatovich Saidov nomzodini ko‘rsatish taklif etildi. Bu taklif yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan ma’qullandi.