Partiya xotin-qizlarga suyanch bo‘ladi
Mamlakatimizda huquqiy-demokratik va fuqarolik jamiyatini shakllantirish, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda siyosiy partiyalar ham alohida o‘ringa ega. Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda siyosiy partiyalar, xususan, O‘zbekiston XDP ham faol ishtirok etib kelmoqda.
Partiyaning Andijon viloyat, shahar va tuman kengashlari, shuningdek, joylardagi partiya deputatlik guruhlari, boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan belgilangan ish rejalari hamda partiya Harakat dasturi doirasida aholi o‘rtasida ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, yurtdoshlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan qator ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda viloyatda partiyamiz safiga 60 ming nafarga yaqin kishi birlashgan bo‘lsa, shundan 31,5 ming nafardan ortig‘i yoki 53 foizi xotin-qizlar, 42 foiz a’zolarimizni 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Bundan tashqari, viloyatdagi mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida tashkil etilgan 1 ming 100 ga yaqin boshlang‘ich tashkilotimiz eng asosiy va yetakchi kuchimiz hisoblanadi.

Joylardagi muammolarni aniqlash, keng jamoatchilikka yetkazish va bartaraf etish, aholi orasiga chuqurroq kirib borish maqsadida har bir boshlang‘ich tashkilotimizda partiyaning viloyat, tuman, shahar kengashlari mas’ullari, mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan “Jamoatchilik qabulxonalari” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Fuqarolarning ko‘plab murojaatlari, ularni qiynayotgan muammo va masalalar tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etilmoqda. Joylardagi qator masalalar deputatlik guruhlarimiz tashabbusi bilan Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari sessiyalarida ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, partiyamiz faollari, deputatlik guruhlari tashabbuslari bilan bir qator ta’lim va tibbiyot muassasalaridagi muammolar o‘rganildi, ularning yechimi va hal etish choralari bo‘yicha hokimlik va davlat idoralariga tegishli takliflar kiritildi.
Ta’kidlash joizki, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, muammolarini hal etish masalalari partiyamiz faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ana shu yo‘nalishda ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. O‘tgan yil hokimliklar, turli davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Izboskan, Paxtaobod hamda boshqa tuman va shaharlarning og‘ir hududlari hisoblangan mahallalarida “Ayollar bandligini ta’minlash”, “Yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish” mavzularida o‘tkazilgan tadbirlarda aholi, xususan, opa-singillarimizning huquqiy bilimlari oshirildi, ularning qator muammolari bartaraf etildi. Shu bilan birga, yoshlar va xotin-qizlarning xorijiy davlatlarga ishlash uchun chiqib ketishini kamaytirish yuzasidan joylarda o‘tkazilgan uchrashuv va davra suhbatlariga 15 ming nafarga yaqin fuqaro jalb etildi.
Joylarda “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilganlar bilan bevosita ishlash bo‘yicha oila va xotin-qizlar bo‘limlari bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar, xonadonma-xonadon o‘rganishlar, uchrashuv va ochiq muloqotlar ana shu yo‘nalishlardagi ishlar samaradorligini oshirishga yaqindan yordam berdi.
Bundan tashqari, oilalarni mustahkamlash, erta va shar’iy nikohlarning oldini olish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha partiya viloyat kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan “Ajralish va shar’iy nikohning oldini olishga barcha mas’ul”, “Kiyinish madaniyati: o‘zligimizni unutmaylik!”, “Biz – oilaviy ajrimlarga qarshimiz!” loyihalari doirasida olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlari ham ijobiy natijalar bermoqda.
Mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingan joriy yilda partiyamizning maqsadlariga erishish, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish, xotin-qizlar bilan ishlash, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarimiz izchil davom ettiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, partiyamiz opa-singillarimizga suyanch bo‘ladi.
Muqaddasxon Sultonova,
O‘zbekiston XDP Andijon viloyati kengashi raisi.
“Mo‘tabar ayol” nishoni sohibasi.
O‘zA