Partiya s’ezdiga delegatlar saylandi
Andijonda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashining navbatdan tashqari VIII konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya viloyat kengashi faollari, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari deputatlari, partiyaning tuman, shahar kengashlaridan saylangan delegatlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya ochilishida partiya mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida, yurtimizdagi siyosiy jarayonlarda, shuningdek, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, rivojlantirish, jamiyatdagi turli muammolarni keng jamoatchilikka yetkazish va ijobiy hal etishda faol ishtirok etayotganligi alohida ta’kidlandi.
[gallery-12005]
Konferensiya kun tartibida ikkita – “O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining navbatdan tashqari VIII s’ezdiga delegatlar saylash”, “O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi tarkibiga kiritilgan o‘zgarishlar to‘g‘risida” gi masalalar ko‘rib chiqildi. Birinchi masala yuzasidan O‘zMTDP viloyat kengashi raisi Hamidjon Omonovning ma’ruzasi tinglandi. Shuningdek, partiya viloyat kengashi rahbari joriy yil 9 iyul kuni mamlakatimizda muddatidan ilgari o‘tkaziladigan Prezident saylovi, saylovga tayyorgarlik jarayonida partiya oldida turgan muhim vazifalar, targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini samarali tashkil etish xususida gapirdi. Shundan so‘ng partiyaning VIII s’ezdiga delegat etib saylash uchun partiya safida samarali faoliyat olib borayotgan, partiya g‘oyalarini targ‘ib etishda faollik ko‘rsatayotgan partiya a’zolaridan 18 nafarining nomzodi ko‘rib chiqilib, ular bir ovozdan partiya s’ezdiga delegat etib saylandi.
Konferensiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA