Partiya s’ezdiga delegatlar saylandi
Nukusda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi tashkilotining VII Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zMTDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari deputatlari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyada 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkilotining ishtiroki, partiya Markaziy Kengashining navbatdagi S’ezdiga delegatlar saylash va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat barpo etish hamda ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirish, milliy saylov qonunchiligini umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va demokratik andozalarga mos darajada takomillashtirish borasida keng kӯlamli ishlar amalga oshirildi. Milliy saylov qonunchiligi asosida saylovlar faqatgina Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mustaqil tashkil etilishi, O‘zbekistonda Prezident saylovida siyosiy partiyalar ishtirok etishi uchun teng sharoit yaratilganligi, butun dunyoda e’tirof etilgan eng muhim konstitutsiyaviy-siyosiy huquqlardan biri bo‘lgan fuqarolarning saylov huquqi to‘la kafolatlangani ta’kidlandi.

Anjumanda 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga O‘zMTDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi tashkilotining tayyorgarlik ko‘rishining asosiy yo‘nalishlari, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilandi. Shuningdek, konferensiyada O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish va O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining VII S’ezdiga delegatlar saylash masalasi ko‘rib chiqildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA