Partiya saylovda faol ishtirok etishini ma’lum qildi
27 may kuni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari — Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byuroning saylovlar bo‘yicha katta maslahatchisi Aleksey Gromov va Byuroning saylovlar bo‘yicha maslahatchisi M.Barker-Siganikovalar O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashida bo‘lib, partiya vakillari bilan ochiq muloqot qilishdi.
Suhbat davomida partiya yetakchisi Alisher Qodirov “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining saylovga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotganini, bunda Prezidentlikka nomzodni targ‘ib etish uchun zamonaviy PR texnologiyalardan foydalanish, saylov texnologiyalarini partiya saylov shtablari faoliyatiga joriy qilish uchun tizimli ishlar olib borilayotgani hamda bu jarayonga yuqori malakali mutaxassislar jalb etilganini ma’lum qildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda ayollar uchun yaratib berilayotgan sharoitlar, ularning haq-huquqlari qanday ta’minlanayotgani xususida ham so‘z bordi. Jumladan, M.Barker-Siganikova xotin-qizlar masalasida partiyaning ichki siyosati bilan qiziqdi. Alisher Qodirov bu savolga javob qaytarar ekan, ayollar masalasida “Milliy tiklanish” o‘ziga xos tarzda yondashishini, hatto partiya tizimida ishlayotgan ayollar uchun moslashtirilgan ish tartibi joriy etilganini bildirdi. Ayollarning oiladagi mavqeini yanada mustahkamlash uchun moslashuvchan mehnat sharoitlarini yaratish partiyaning ustuvor vazifasi etib belgilanganligi ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida A.Qodirov saylovda partiyaning faol ishtirok etishi va saylov natijalariga katta umid bilan qarayotganini ma’lum qildi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston saylov qonunchiligi takomillashtirilib, raqobat muhiti, saylovlarning ochiq va oshkora o‘tishini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu esa shubhasiz, barcha nomzodlarga teng sharoitlar yaratilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Uchrashuvda shuningdek, partiyadan ko‘rsatiladigan nomzod uchun imzolar yig‘ish masalasi, saylovda partiyalar faoliyatining moliyalashtirilishi va boshqa ko‘plab masalalar muhokama qilindi.
O‘zA