Partiya jarimalar asossiz oshirilishiga qarshi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasi jarayonida ta’kidlanganidek, qonun loyihasi birinchi o‘qishdagi taklif va fikrlar inobatga olingan holda qayta ishlandi.
Bunda soxta to‘lovga qobiliyatsizlik, sudgacha sanatsiya qilish, tugatishga doir ish yuritish tartib-taomili, to‘lovga qobiliyatsizlik, to‘lov qobiliyatini tiklash tartib-taomili, to‘lovga qobiliyatsizlikni yashirish, qasddan to‘lovga qobiliyatsizlikka olib kelish kabi tartib-taomillar yuridik va jismoniy shaxslarning qonuniy manfaatlari himoyasi yuzasidan yanada takomillashtirildi.
Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda fraksiya a’zolari tomonidan moddama-modda ko‘rib chiqilganidan so‘ng ma’qullandi.
“O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda bo‘lganidek, qizg‘in bahs-munozaralar asosida muhokama etildi.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish)ning birinchi qismi sanksiyasidagi jazo choralari kuchaytirilmoqda. Ya’ni jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha oshirilmoqda. Shuningdek, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash jazo chorasi kiritilmoqda hamda ozodlikdan mahrum qilish jazosi bir yildan uch yilgacha kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.
Xalq demokratik partiyasi jarimalar asossiz oshirilishiga qarshi qat’iy pozitsiyaga ega ekani, bu fuqarolarning daromadlariga nisbatan jarimalar miqdori yuqori ekanligi bilan izohlanishi xususida takror-takror ta’kidlab kelmoqda. Qonun loyihasi muhokamasi jarayonida deputatlar ushbu masalaga yana bir bor e’tibor qaratgan holda, hokimiyat vakilining xizmat vazifasini, masalan, uy-joy, bino-inshoot majburiy buzilish bilan bog‘liq vaziyatda qanchalik qonuniyligi, bu jarayonga ichki ishlar xodimlari qanchalik tayyor ekanliklari xususida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Qonun loyihasi ko‘pchilik ovozi bilan Oliy Majlis yalpi majlisiga kiritish uchun ma’qullandi.
N.Nasriyev, O‘zA