Parrandachilik: imkoniyat, imtiyoz va samara
Parrandachilikni rivojlantirish orqali goʻsht va tuxum mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoj yetarlicha taʼminlanmoqda.
Parrandachilikni rivojlantirish orqali goʻsht va tuxum mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoj yetarlicha taʼminlanmoqda.
Bu saʼy-harakatlar aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, hududlarning mavjud tabiiy-iqtisodiy resurslaridan unumli foydalanish va eksportni kengaytirishga ham xizmat qilmoqda.
Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Novobod naslli parranda” fermer xoʻjaligi 50 gektar maydonda parranda boqishga moʻljallangan sexni tashkil qildi.
Yangi loyihaga koʻra, 2020-2021-yillarda hududdagi tashlandiq holga kelib qolgan sobiq fabrika sexlari bosqichma-bosqich zamonaviy texnologiyalar asosida kapital rekonstruksiya qilinmoqda, – deydi korxona rahbari Rustam Saidov.
– Har bir bosqichda 15 tadan sexlar ishga tushirilyapti. Hozirgi kunda 30 ta sexga Xitoyning “Big heardsman” korxonasining texnologiyalari olib kelinib oʻrnatildi. Uning qulayligi toʻliq avtomatlashtirilgan boʻlib, parrandaga ovqat va suv berishdan tashqari sex ichidagi haroratni ham bir meʼyorda boʻlishini taʼminlaydi. Shuningdek, Vengriya davlatidan ROSS-308 naslchilik joʻjalarini ham olib keldik. Maqsadimiz tumanda sifatli parrandachilikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashdir.
Hozirgi kunda korxonada 96 nafar tuman aholisi ish bilan taʼminlangan boʻlib, qoʻshimcha liniyalar ishga tushishi bilan ishchilar soni 160 nafarga yetadi.
Ayni kunlarda 15 ta sexning har birida 6 ming 500 tadan tovuq boqilib, ulardan inkubatsion tuxumlar olinmoqda. Shunningdek, yana 15 ta sexda zotli ona tovuqlar parvarishlanmoqda. Yetishtirilgan mahsulotlarni nafaqat mahalliy parrandachilik, joʻja yetishtiruvchi xoʻjaliklariga balki, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston, Afgʻonistonga ham yetkazib berilmoqda.
Reja boʻyicha fermer xoʻjaligining navbatdagi sexlari ishga tushirilgach yana 330 ming bosh naslli ona tovuq boqilib, 40 million donadan ortiq inkubatsion tuxum ishlab chiqariladi. Bu esa nafaqat Markaziy Osiyoda balki, MDHdagi eng katta naslchilik xoʻjaliklaridan biri boʻladi.