Parlament uchun chinakam sinov yili
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasida qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, O‘zbekiston demokratik islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmasligi takror va takror ta’kidlandi.
«...Hayot oldimizga yana qancha sinov va muammolarni qo‘yishi mumkin va biz har qanday holatga tayyor turishimiz zarur. Lekin qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, demokratik islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz. Oldinga, faqat oldinga qarab boramiz. Va biz bunga har tomonlama qodirmiz. Chunki bugungi xalqimiz – kechagi xalq emas. bugungi O‘zbekiston ham – kechagi O‘zbekiston emas.
El-yurtimiz hozirgi og‘ir sharoitda barcha sinov va qiyinchiliklardan yanada kuchli va irodali bo‘lib chiqmoqda. O‘zining hayoti va taqdiri, kelajagi Vatanimizning taqdiri va kelajagi bilan chambarchas bog‘liq ekanini chuqur his etmoqda.
Hech shubhasiz, o‘z kuchimiz va imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonch bizni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yo‘lida birlashtirib, yanada kuchli va mustahkam qilmoqda. Bu intilishlar ulkan amaliy ishlarga aylanib, buyuk xalq harakati tobora kengayib bormoqda. Bunday qudratli safda bo‘lishning o‘zi katta baxt, katta sharafdir.
Barchamizga ana shu ulug‘ safda boshqalarga ibrat va namuna bo‘lish, jonajon Vatanimiz, aziz xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilish nasib etsin!»
Barchamizga juda katta ishonch, yoshlarga esa kuch-quvvat bergan tarixiy Murojaatnomada islohot so‘zi faqat so‘zda emas, amalda namoyon bo‘lishidan tortib qonunlar, farmon va qarorlar ijrosi qat’iy nazorat qilinishi, sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlar, insonlarning huquq va manfaatlari, ta’lim-tarbiya masalasi, maktablardagi sharoitlarni yaxshilash va yangi maktablar qurish, pedagoglar ish haqini oshirishgacha bo‘lgan hayotiy masalalar birma-bir muhokama qilindi. Murojaatnomada belgilab berilgan dolzarb vazifalar ko‘lami 2021 yilning chindan ham tub islohotlar yili bo‘lishidan dalolat bermoqda.
Qayd etish joizki, Murojaatnomada halovati va tinchini yo‘qotgan dunyoda hali-hanuz pandemiya balosi saqlanib qolayotgani, bundan barchamiz ogoh bo‘lishimiz, pandemiyani jilovlash borasidagi yutuqlarga mahliyo bo‘lib qolmay, sog‘ligimizni asrab-avaylashimiz lozimligiga e’tibor qaratildi. Biron-bir muammoli masala, isloh etilayotgan yoki aksincha islohotga muhtoj tizimlargacha munosabat bildirildi.
Murojaatdagi har bir fikr zamirida hazrati inson borligi, uni asrash, avaylash, mehnatini qadrlash lozim degan da’vatni sezish qiyin emasdi. Murojaatnomaning boshidan oxirigacha har birimiz qayerda va qanday vazifada ishlamaylik, shu yurt rivoji, xalqimiz farovonligi uchun halovatdan voz kechishimiz, jamiyatni o‘zgartirish uchun esa eng avvalo o‘zimiz o‘zgarishimiz lozim degan da’vat yangradi, desak xato bo‘lmaydi.
Murojaatnomada Yangi – 2021 yilga «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deya nom berilgani ham bejiz emas.
Bu pandemiyaning og‘ir oqibatlariga qarshi kurash qat’iy davom etishi, yoshlarga bo‘lgan e’tibor esa yanada kuchaytirilishini anglatadi. Tarixiy hujjatda, shuningdek, «Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi», degan g‘oya ilgari surilganini ta’kidlash lozim. Qayd etilishicha, kelgusi yilda maktabgacha ta’limda bolalar qamrovini 65 foizga, 2023 yil oxirida esa 75 foizga yetkazish ko‘zda tutilyapti. Buning uchun byudjetdan 600 milliard so‘m subsidiya ajratilib, qo‘shimcha 2 mingta nodavlat Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etiladi. Xususiy sektor ulushi esa 25 foizga yetkaziladi. Shuningdek, maktabga tayyorlashning bepul tizimi orqali 560 ming bola qamrab olinadi. Yangi yilda 30 ta yangi maktab qurish, 320 ta maktabni ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash rejalashtirilib, unga 2 trillion so‘m ajratilishi belgilangani ma’lum qilindi.
Murojaatnomada yana bir muhim masala – 2030 yilgacha maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi va oliy ta’limni rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilinishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi. Yil tadbirida pedagoglar malakasini oshirish, ularning mashaqqatli mehnatlarini rag‘batlantirishning yangi mexanizmlari yaratilishi ham aytildi. Jumladan, endi muallimlar har 5 yilda emas, «hayot davomida o‘qish» tamoyili asosida malaka oshiradilar. Yangi yildan boshlab biror o‘qituvchi boshqa tumanga borib dars bersa, oyligiga 50 foiz, boshqa viloyatga borib ishlasa, 100 foiz ustama haqi to‘lanadigan bo‘ldi.
Shuningdek, Xalq ta’limi xodimlarini rag‘batlantirish hududiy jamg‘armalariga 330 milliard so‘m yo‘naltirilishi, 240 mingdan ziyod maktab o‘qituvchilariga sinf rahbarligi uchun ustama to‘lovlar 1,5 barobarga oshirilib, byudjetdan 400 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi ham ta’lim tizimiga bo‘lgan e’tibordan dalolatdir.
Murojaatnomada mamlakatimizda Islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish bo‘yicha huquqiy bazani yaratish vaqti soati kelgani ham bejiz ta’kidlanmadi. Chunki mamlakatimiz aholisining ko‘pchiligi Islom diniga e’tiqod qilishiga qaramay, yurtimizda hamon Islomiy moliya sohasi rivojlanmagan.
Albatta, bunday vazifalar o‘z-o‘zidan amalga oshib qolmaydi. Chetdan birov kelib ham mavjud muammolarimizni hal etib bermaydi. Buning uchun Fuqarolik jamiyati institutlari, mahalla, OAV va blogerlar, mahalliy Kengash deputatlaridan tortib, o‘z hududi manfaatini Senatda himoya qilayotgan senatorlargacha vijdonan ishlashi, xalq farovonligi iborasi mohiyatini anglagan holda mahalliy rahbarlar, hokimlar va hatto vazirlar faoliyatigacha nazorat qilishlari lozim bo‘ladi. Parlament zimmasidagi mas’uliyat esa bir necha bor tilga olindi. Bundan esa albatta, tegishli xulosalar chiqaramiz.
Ma’ruza yakunida yana bir bor yangi avlod vakillariga ishonch bildirilib, ertangi kunga ishonib yashayotgan yoshlar bilan katta marralar egallanishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Yurtboshimizning tarixiy Murojaatnomasida qayd etilgan dolzarb vazifalar hamda ustuvor yo‘nalishlarni o‘z zimmasiga yuklatilgan birlamchi vazifalar, deb qabul qiladi. Zero, yurtdoshlarimiz faravonligi, mamlakatimiz ravnaqiga erishish partiyamizning pirovard maqsadidir.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi