Parlament nazorati – xalq nazorati, xalq so‘rovi
Mamlakatimizda yangilangan parlament o‘z faoliyatini boshladi. Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi ilk majlislarida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalq vakilligining mazkur oliy organlarida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dolzarb vazifalarga to‘xtaldi.
Prezidentimiz parlament nazorati – bu, avvalo, “xalq nazorati, xalq so‘rovi” ekanini e’tirof etdi.
Shu so‘zlarning o‘ziyoq parlamentning nafaqat shakli, balki maqsadini ham to‘laqonli ifoda etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Husan Ermatov parlament oldiga qo‘yilgan vazifalar va ularning ijrosi bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Davlatimiz rahbarining hozirgi tahlikali vaziyatda biz faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga erisha olamiz, degan fikrlari zamirida juda chuqur ma’no bor.
Haqiqatan, hamjihatlik bilangina biz mavjud muammolarga yechim topishimiz va olg‘a qarab yurishimiz mumkin. Bu – deputat va senatorlarning xalqqa yaqin bo‘lishi va, o‘z navbatida, xalqimizning o‘z vakillariga ishonishi va qo‘llab-quvvatlashiga ham bog‘liq. Tarqoqlik, ta’bir joiz bo‘lsa, aravani har kim har yoqqa tortishi bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi.
Senat oldiga qo‘yilgan vazifalar qatorida ishni yangicha tashkil etish qayd etildi. Bu, avvalo, qonun ijodkorligi faoliyatiga bevosita bog‘liq. Chunki parlament, birinchi navbatda, mukammal qonunlar yaratilishida va ularni zamon talablariga muvofiq takomillashtirishda muhim o‘rin tutadi.
O‘ylaymanki, bu jarayonda ochiqlikni ta’minlash, mutaxassislar, olimlar, keng jamoatchilik fikr-mulohazalariga tayanish, qisqasi, xalqimiz bilan bamaslahat ish tutish darkor. Eng muhimi, qonunlarda hududiy va umumdavlat manfaatlari uyg‘un bo‘lishiga erishish lozim.
Aytib o‘tish kerakki, yangilangan Konstitutsiyada Senatga mahalliy Kengashlarning qarorlari qonunchilikka muvofiq bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha katta mas’uliyat yuklatildi.
Bu masalaning ahamiyati ham juda yuqori. Chunki mahalliy Kengashlarda qabul qilinadigan qarorlar bevosita joylarda aholining turmushiga ta’sir ko‘rsatadi. Mana shu qarorlar to‘g‘ri va adolatli bo‘lsa, hududlarda rivojlanish bo‘ladi, odamlar hayoti yaxshilanib boradi. Shu nuqtai nazardan Senatning bu yo‘nalishdagi ishlari yanada takomillashadi va chuqurlashtiriladi. Bunda, Senat huzurida tashkil etilgan Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi imkoniyatlaridan unumli foydalaniladi.
Markaz hududiy boshqaruvni “Aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida amalga oshiradi. Markaz orqali har bir hududdagi qarorlarning qonuniyligi va samaradorligi chuqur o‘rganilib, mavjud kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish uchun zarur chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Bu, nafaqat kengashlar ishini yaxshilaydi, balki xalqning ularga bo‘lgan ishonchini ham yanada mustahkamlaydi.
Senat aslida hududiy manfaatlar bilan ishlaydigan organ. Shu ma’noda yangi shakllantirilgan Senatda so‘zlagan nutqida Prezident qabul qilinajak qonunlarning muhokamasida mahalliy Kengashlar vakillarining ishtiroki, fikrlarini ham inobatga olish mexanizmlari haqida o‘ylashimiz kerakligiga alohida urg‘u berdi. Bu esa, qonunlarning xalqchilligiga, real hayotga muvofiq holda qabul qilinishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Va yana bir muhim jihati – saylovchining ovozi ahamiyat kasb etishi ta’minlanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi shakllangan Senat o‘z faoliyatini yangi konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitda olib boradi. Yuqori palataning mahalliy Kengashlar faoliyatiga amaliy va uslubiy ko‘mak ko‘rsatish borasidagi faoliyati yanada kuchaytiriladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA