Parlament komissiyasi yig‘ilishi
Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Parlament komissiyasi tomonidan oltita masala ko‘rib chiqildi.
Parlament komissiyasi raisi A.Saidov inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish, bu yo‘nalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, inson huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga qaratish kabi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
[gallery-3241]
Ombudsman Feruza Eshmatovaning “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2021 yil birinchi yarmidagi murojaatlar bilan ishlash faoliyati to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Berilgan axborotga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 9 632 ta murojaat qabul qilingan.
Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Vahobjon Rajapovning “Bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish” yuzasidan kompleks chora-tadbirlar dasturining 2-chorakdagi ijrosi yuzasidan axboroti eshitildi.
Videokonferens aloqa shaklidagi yig‘ilishda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova Irkiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi Xalqaro konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining O‘ninchi - O‘n ikkinchi davriy ma’ruzalarini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy mulohazalari va tavsiyalarini bajarish yuzasidan 2020 – 2022 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi ijrosi bo‘yicha axborot berdi.
Kun tartibidagi masalalardan yana biri — “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish yo‘nalishi ijrosi yuzasidan “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov axborot berdi.
N.Nasriyev, O‘zA