Parkentda turizm qishloqlari ko‘paymoqda
Parkent tumanida joylashgan Kumushkon va Chashma qishloqlariga “turizm qishlog‘i” maqomi berildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev, Parkent tumani hokimi Sardor Isoqulov, Kumushkon va Chashma qishloqlari mas’ullari, tuman faollari hamda jurnalistlar qatnashdi.
Kumushkon va Chashma qishloqlari o‘zining betakror so‘lim tabiati, toza havosi, madaniy meros obyekti va ziyoratgohlari bilan yil bo‘yi sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi.
O‘tgan yili Parkent tumanida 50 ming nafarga yaqin xorijiy va 900 ming nafarga yaqin mahalliy sayyoh mehmon bo‘ldi.

O‘tgan davrda mazkur hududlarda turizm sohasini rivojlantirish va sayyohlarga qulaylik yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli obodonchilik va turizm obyektlarini tashkil etish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.
Xususan, o‘tgan davrda Toshkent viloyati hokimligi va Turizm qo‘mitasi vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh Kumushkon hududini o‘rganib chiqdi. Unda uyma-uy yurilib, turistlarga xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Turizm obyektlari barpo qilish bo‘yicha 10 dan ortiq investor bilan muzokara o‘tkazildi.

Jumladan, har yili sentyabr oyida “Zarkent” MFY hududida “Uzum sayli”, “So‘qoq taomlari” xalqaro festivallari, aprel-may oylarida esa “Somsa sayli” tadbirlari doimiy o‘tkazilmoqda.
Joylarda sayyohlarga qulaylik yaratish uchun 7 ta namunaviy sanitariya-gigiyena shoxobchasi barpo etildi. Xususan, 4 ta turistik obyektga olib boruvchi yo‘l ko‘rsatkich belgilari, 20 ta turizm obyektida internet hududlari, 8 ta turistik marshrutlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

“Turizm qishlog‘i” loyihasi Toshkent viloyatiga mahalliy va xorijiy sayyohlarning oqimi yanada ortishiga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri