Parhez mahsulot yetishtirish ko‘paytirilmoqda
Prezidentimiz rahnamoligida aholining baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, tarmoqda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklar moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida aholining baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, tarmoqda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklar moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2015-yilda 3 ming 410 tonna baliq yetishtirildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-avgustdagi “Baliqchilik tarmog‘ida monopoliyadan chiqarish va xususiylashtirishni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
To‘rtko‘l tumanidagi baliq yetishtirishga ixtisoslashgan “Antika” fermer xo‘jaligining 10 gektarlik suv havzasida yiliga 150-200 million baliq chavog‘i yetishtirilib, baliqchilik xo‘jaliklariga tarqatiladi.
– Bu ishda zamonaviy texnologiya asosidagi inkubatsiya sexini tashkil etganimiz juda qo‘l kelmoqda, – deydi mazkur fermer xo‘jaligi rahbari Shuhrat Rajabov. – Mavsumda 10 million 500 ming karp, oq amur, do‘ngpeshona baliqlari chavog‘i yetishtirdik. Ularning turli kasalliklarga chidamliligi oshirildi. Har birining vazni 25 grammdan 150 grammga yetgach, buyurtmachilarga sotilmoqda.
Fermer xo‘jaligida 2015-yilda Afrika laqqa balig‘ini mahalliy sharoitga moslashtirish va uni ko‘paytirishga kirishildi. Mutaxassislarning fikricha, bu baliq turi kislorod tanqisligiga juda chidamli bo‘lib, 1 tonna suvda 300-350 kilogrammgacha baliq yetishtirish imkonini beradi. Uning yana bir afzalligi, qiltanog‘i kam va sergo‘shtligidadir.
Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 155 sun’iy suv havzasi va 92 tabiiy ko‘lda baliq yetishtirilmoqda. Joriy yilda baliq yetishtirishga ixtisoslashgan 77 yangi xo‘jalik tashkil etish, baliq ovlashni 5 ming 400 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.