Para shaxmatchilar “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” uchun bahslashdi
Shaxmat aql-idrok, sabr-toqat va matonat sinovidir. Sirdaryo viloyati Yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan para shaxmat bo‘yicha “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqasining viloyat bosqichida 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 100 nafarga yaqin ishtirokchi g‘oliblik uchun qizg‘in bahs olib bordi.
Jami 7 turdan iborat musobaqada ishtirokchilar o‘zlarining aqliy salohiyati, strategik fikrlashi, sabr-toqati va mustahkam irodasini namoyon etdilar. Musobaqaning har bir turi qiziqarli va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Turli yosh vakillarini bir maydonga jamlagan bellashuvlarda tajriba va yoshlik shijoati o‘ziga xos tarzda uyg‘unlashdi.
[gallery-31261]
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Asilbek Ismoilov birinchi o‘rinni egallab, musobaqa g‘olibiga aylandi. Murod Isoqov ikkinchi, Aktam Jumuqov esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Qizlar o‘rtasidagi bahslar ham keskin va murosasiz kechdi. Qizg‘in bellashuvlar yakunida Dilnura Marufjonova barcha raqiblaridan ustun kelib, birinchi o‘rinni egalladi. Gulsevar Sodiqova ikkinchi, Nilufar Sultonova esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari diplom, medal hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, musobaqaning har ikki yo‘nalishida birinchi o‘rinni egallagan g‘oliblarga “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” tantanali ravishda topshirildi. Musobaqaning ikki yo‘nalishi bo‘yicha kuchli o‘ntalikdan joy olgan para shaxmatchilar esa Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan keyingi bosqich musobaqasida ishtirok etish uchun yo‘llanmaga ega bo‘ldilar.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat), O‘zA