Para kanoechilarimiz Osiyo chempionatini birinchi o‘rinda yakunladi
Qozog‘istonning Turkiston shahrida para kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Qit’a birinchiligida O‘zbekiston terma jamoasining 12 nafar sportchisi ishtirok etib, yuksak natijalarni qayd etdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, hamyurtlarimiz 9 ta oltin, 7 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi hamda medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Jumladan, chempionat davomida Irodaxon Rustamova (VL2 200 m, VL2 500 m), Azizbek Abdulhabibov (KL2 200 m, KL2 500 m), Shahzoda Mamadaliyeva (VL3 200 m), Shahnoza Mirzayeva (KL3 200 m), To‘rabek Nazarqulov (VL3 200 m), Hasan Qo‘ldashev (KL3 500 m) hamda Haytmurod Sherqo‘ziyev (VL3 500 m) oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, Farida Abduraimova (KL1 200 m, VL2 500 m), Hasan Qo‘ldashev (KL3 200 m), Haytmurod Sherqo‘ziyev (VL3 200 m), Shahzoda Mamadaliyeva (VL3 500 m), Shahnoza Mirzayeva (KL3 500 m) va To‘rabek Nazarqulov (VL3 500 m) kumush, Oybek Yo‘ldoshev (KL2 200 m, KL2 500 m) hamda Hasan Sulaymonov (KL3 500 m) bronza medal bilan taqdirlandi.
E’tiborli jihati, O‘zbekiston terma jamoasi 2025-yilgi Osiyo chempionatida 7 ta oltin, 6 ta kumush va 1 ta bronza medaliga ega chiqqan bo‘lsa, bu galgi natija yanada yaxshilanib, sportchilarimiz qit’a miqyosidagi ustunligini namoyon etdi. Bu esa mamlakatimizda para eshkak eshish sport turini rivojlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar o‘z samarasini berayotganidan dalolat.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA