Para atletlarimiz Marokashda 12 medalni qo‘lga kiritdi
Marokashning Rabot shahrida o‘tkazilgan para yengil atletika bo‘yicha xalqaro Gran-pri musobaqasida 57 ta davlatdan 500 nafarga yaqin paralimpiyachilar orasida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari ham ishtirok etdi.
Musobaqada Omadbek Hasanov T46 tasnifidagi 100 metr masofaga yugurish bahslarida va T46 toifasidagi uzunlikka sakrash bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Islom Elmurodov (F33) nayza uloqtirishda, Husniya Olimjonova (T12) uzunlikka sakrashda, Rokiya Musinova yadro uloqtirish (F57) va disk uloqtirish (F57) bahslarida kumush medal bilan taqdirlandi.

Shuningdek, Sevinchbek Husanov (T12), Abdulaziz Abduhakimov (F32), Husniddin Norbekov (F35), Hikmatillo Mamaroziqov (F46), Gulnora To‘ychiyeva (T11) va Husniya Olimjonova (T12) bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa, para atletlarimiz uch kun davom etgan bahslarda 2 ta oltin, 4 ta kumush va 6 ta bronza jami 12 ta medalga ega chiqdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA