Panjara ortidagi azob: Isroilda sobiq rasmiy hibsga olindi
Isroil armiyasining sobiq bosh huquqshunosi, general-mayor Yifat Tomer-Yerushalmi falastinlik mahbusga nisbatan og‘ir qiynoq aks etgan video tarqalishi ortidan hibsga olindi. Bu voqea mamlakatda siyosiy keskinlikni yanada kuchaytirdi.
Tomer-Yerushalmi o‘tgan hafta IDF harbiy adliya boshlig‘i lavozimidan iste’fo bergandi. U video tarqalishida o‘zining mas’uliyatini tan olib, shu orqali armiyaga qarshi “soxta targ‘ibot”ni inkor etmoqchi bo‘lganini yozgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, general Bedarot hududida yo‘qolgani haqida xabar tarqaldi. Bir necha soatlik qidiruvdan so‘ng tirik holda topilgan ayblor qo‘lga olindi.
Gap 2024 yil Sde-Teyman bazasida olingan dahshatli video tasvirga borib taqaladi. Lavhada Isroil zaxira askarlari falastinlik mahbusni qalqon ortiga olib kirib, qattiq kaltaklayotgani, o‘tkir buyum bilan jinsiy qiynoqqa solayotgani iddao qilingan. Mahbus og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur voqea ortidan besh askarga nisbatan sud jarayoni boshlangan. Ular ayblovni rad etmoqda. Shu ish atrofida jamiyat ikkiga bo‘lingan: o‘ng qanot siyosatchilar videoni “Isroil armiyasiga bo‘hton” deb atab, Tomer-Yerushalmini xoinlikda ayblamoqda, chap qanot esa rad etib bo‘lmaydigan dalil deb hisoblamoqda.
Ushbu voqea asnosida BMT komissiyasi ham G‘azodan olib ketilgan ko‘plab qo‘lga olinganlarga nisbatan qiynoq va zo‘ravonlik holatlari haqida hisobot bergan. Isroil hukumati pozitsiyasi qat’iy: ular tizimli suiste’molni inkor etib, har bir shikoyat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilganini ta’kidlamoqda.
Ayblanuvchi bilan birga yana bir sobiq yuqori lavozimdagi harbiy prokuror qo‘lga olingan. Mojaro davom etarkan, bu voqea Isroil armiyasi va siyosiy tizimida hisobdorlik, oshkoralik va urush sharoitidagi etik me’yor bilan bog‘liq keskin bahsni avj oldirdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA