Pandemiya davrida subsidiyalar kimlarga berilmoqda?
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshligʻi Temur Mahmudov karantin davrida aholi bandligini oshirish va mehnat munosabatlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshligʻi Temur Mahmudov karantin davrida aholi bandligini oshirish va mehnat munosabatlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
“Koronavirus pandemiyasining mehnat bozoriga salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida ishsiz va vaqtincha ishini yoʻqotgan hamda xorijga ishlash uchun keta olmagan fuqarolarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etish, shaxsiy tomorqasiga va qishloq xoʻjaligi kooperativlarni tashkil etgan holda subsidiya ajratish orqali bandligi taʼminlanmoqda. Jumladan, 26,6 ming ehtiyojmand va kambagʻal oila aʼzolariga yengil tipdagi issiqxona qurilishi, ekin ekishga urugʻlar va koʻchatlar xarid qilinishi, sugʻorish vositalarini xarid qilish uchun 40, 6 milliard soʻm subsidiya mablagʻlari berildi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativlarini tashkil etib, ularga oʻrtacha 50 nafardan fuqaroni birlashtirib, lalmi yerlardan har biriga oʻrtacha 20 sotixgacha yer maydoni va Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasidan 2,2 million soʻmdan subsidiya ajratish amaliyoti joriy etildi.
Bugungi kunda 136 tumandagi 6 931,2 gektar zaxiradagi lalmi maydonda 282 kooperativ tashkil etildi hamda pudrat shartnomasi asosida biriktirildi. 13,3 ming nafar aʼzoga 29,1 milliard soʻm subsidiya berildi.
Tadbirkorlik qilishni xohlovchi 2,2 ming nafar shaxslarga – yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, tadbirkorlikka oʻqitish va kredit olishda sugʻurta polisi toʻlovi uchun xarajatlarni qoplash uchun 458,2 million soʻm subsidiya ajratildi.
Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari yoʻllanmasi bilan ishga qabul qilingan sal kam 160 ish beruvchiga 1,8 ming nafar xodimlarini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish xarajatlarni qoplash uchun 3,9 milliard soʻm subsidiya mablagʻlari ajratildi”.