“O‘ztransgaz” AJda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? – Mutaxassis bilan suhbat
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash, kasbiy va shaxsiy rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish muhim yo‘nalishlardan. Shu sababli, so‘nggi yillarda bu borada qabul qilingan Prezident farmon va qarorlari xotin-qizlarning barcha sohalarda faol ishtirok etishi, munosib mehnat qilishi, bilim olishi hamda o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratmoqda.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida barcha tarmoq va tashkilotlarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada energetika sohasida ham xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash, salomatligini muhofaza qilish, kasbiy salohiyatini oshirish hamda rahbarlik lavozimlaridagi ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Energetika tizimida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida “O‘ztransgaz” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi Lola Sharipova bilan suhbatlashdik.
– Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi kunda “O‘ztransgaz” AJda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Darhaqiqat, yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning munosib mehnat qilishi, bilim olishi, kasbiy va shaxsiy rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Shu asosda “O‘ztransgaz” AJda ham xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda jamiyat tizimi korxonalarida 692 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda. Ular muhandislik, ishlab chiqarish, iqtisodiyot, moliya, huquq, axborot texnologiyalari, kadrlar boshqaruvi va boshqa yo‘nalishlarda samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Biz uchun har bir xodimning o‘z kasbiy salohiyatini to‘liq namoyon etishi, mehnat qilishi va munosib turmush kechirishi muhim. Shu maqsadda gender tenglikni ta’minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy muhofazani kuchaytirish, salomatlikni asrash va xotin-qizlarning kasbiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
–Xotin-qizlar salomatligini asrash va tibbiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday imkoniyatlar yaratilgan?
– Sog‘lom ayol - sog‘lom oila, sog‘lom oila esa sog‘lom jamiyatning asosi. Shu bois, jamiyatimizda xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilish juda muhim. Shundan kelib chiqib, har yili barcha xotin-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkaziladi. Bu orqali kasalliklarni erta aniqlash va o‘z vaqtida davolash imkoniyati yaratiladi.
Joriy yilda tibbiy ko‘riklar natijasida jarrohlik amaliyoti talab etilgan xodimlar uchun barcha zarur tibbiy yordam tashkil etildi. Eng muhimi, operatsiyalar bilan bog‘liq barcha xarajatlar jamiyat tomonidan to‘liq qoplab berildi. Bu xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilishga qaratilayotgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Shuningdek, xodimlar uchun sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalariga yo‘llanmalar ajratilib, ularning dam olishi va salomatligini tiklashi uchun ham zarur sharoitlar yaratilmoqda.
– Xotin-qizlarning kasbiy rivojlanishi va rahbarlik salohiyatini oshirish borasida qanday ishlar olib borilmoqda?
– Bugungi kunda raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash har qanday tashkilot uchun muhim vazifa. Shunga ko‘ra, xotin-qizlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning rahbarlik qobiliyatini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratyapmiz.
Yil davomida xotin-qizlarning faolligini oshirish, kasbiy salohiyati va yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, gender tenglik tamoyillarini targ‘ib qilish maqsadida seminarlar, forumlar, treninglar va malaka oshirish kurslari muntazam tashkil etilmoqda.
Ushbu tadbirlarda soha mutaxassislari ishtirok etib, dolzarb mavzular bo‘yicha muloqot va tajriba almashish imkoniyatlari yaratiladi. Bu esa xotin-qizlarning o‘z ustida ishlashi va kelgusida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
– Ijtimoiy himoya yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Jamiyatimizda inson qadri ustuvor. Shuning uchun har bir xodim va uning oilasi e’tibor markazida bo‘ladi. Ayniqsa, ehtiyojmand, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan xodimlar hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalarga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, bayramlar munosabati bilan moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari tashkil etiladi, xodimlarning murojaatlari o‘rganilib, ularni hal etish yuzasidan amaliy choralar ko‘riladi.
– Yosh mutaxassis qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qanday e’tibor qaratilmoqda?
– Yosh kadrlar har qanday tashkilotning kelajagini belgilaydi. Shu bois, yosh mutaxassis qizlarning kasbiy o‘sishi, bilim va tajribasini boyitishi, yangi g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Jamiyatimizda yosh xodimlarning bilim va salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan forumlar, seminarlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, kitobxonlik tanlovlari, sport musobaqalari va turli ijtimoiy loyihalar muntazam tashkil etiladi.
Eng muhimi, bunday imkoniyatlar yosh mutaxassis qizlarning o‘z kasbiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, ularning soha rivojiga munosib hissa qo‘shadigan malakali kadrlar bo‘lib shakllanishiga xizmat qilmoqda.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
suhbatlashdi.