“Oʻzsuvtaʼminot”AJ: har bir murojaat eʼtiborda
“Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy korxonalariga 2022-yilda 29 089 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 27062 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan boʻlib, shundan 90 foizi ijobiy hal etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oʻzsuvtaʼminot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda shular haqida maʼlumot berildi.
Qayd etilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputatlaridan kelib tushgan 124 ta murojaatlarning barchasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidan 107 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 104 tasi koʻrib chiqilgan, 3 tasi oʻrganish jarayonida. Oliy Majlis Senatidan jami 83 ta murojaat tushgan boʻlib, shundan 81 tasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilgan, 2 tasi oʻrganish jarayonida. Oliy Majlisning Inson huquqlarini himoya qilish vakili – Ombudsmandan 24 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ulardan 23 tasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilgan, 1 tasi oʻrganish jarayonida.
Akmal Murodovning taʼkidlashicha, Kasaba uyushmalari federatsiyasining 12-11 qisqa raqamli “ishonch telefoni” orqali jami 141 ta murojaat kelib tushgan. Ularning barchasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilgan va javob xatlari yuborilgan. Hisobot davrida “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyatiga toʻgʻridan toʻgʻri 168 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, shundan 165 tasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilgan, 3 tasi oʻrganish jarayonida. Shuningdek, boshqa vazirlik va idoralardan kelib tushgan 336 ta murojaatlarning 328 tasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilgan, 8 tasi oʻrganish jarayonida. Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari yuzasidan murojaatlarni tezkorlik bilan qabul qilish hamda hal etish maqsadida faoliyat yuritib kelayotgan “Oʻzsuvtaʼminot” AJning 1255 – qisqa raqamli koll-markazi orqali oʻtgan yilda 144 mingta murojaat boʻlgan. Ularning barchasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilgan boʻlib, 87 foizi ijobiy hal etilgan. Bundan tashqari, 2022-yilda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlariga oid 1094 ta tanqidiy-tahliliy materiallar eʼlon qilingan. Ularning barchasiga rasmiy munosabatlar bildirilgan. Tanqidiy materiallarda yoritilgan muammolar esa ijobiy hal etilgan. Qolaversa, aholining muammolarini oʻrganish va ularni joyida hal etish maqsadida oʻtgan yilda hududiy suv taʼminoti korxonalari va joylardagi Xalq qabulxonalari hamkorligida respublikaning 256 ta mahalla fuqarolar yigʻinida sayyor qabullar oʻtkazildi.
Nilufar Bozorova, OʻzA