“O‘zmilliybank”: shanba — sport va sog‘lom turmush tarzi kuni
Bugun mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish, aholi, ayniqsa, mehnat jamoalari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Zero, jismoniy faollik nafaqat salomatlik garovi, balki ish samaradorligi va jamoaviy jipslikni ta’minlovchi muhim omildir. Poytaxtimizda muntazam tashkil etilayotgan ommaviy sport tadbirlari bu boradagi ishlarning amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan “Yoshlik” sport majmuasida o‘tkazilayotgan musobaqalar allaqachon an’anaviy tus oldi. Har hafta tashkil etilayotgan ushbu sport bayrami bank xodimlarini bir maqsad – sog‘lom hayot sari birlashtirmoqda.

— Bugungi kunda zamonaviy bank tizimi nafaqat yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni, balki jamoaning sog‘lom va tetik bo‘lishini ham talab etadi, — deydi “O‘zmilliybank” AJ sport targ‘ibotchisi Ulug‘bek Sayfullayev. — Shu bois, bank rahbariyati tashabbusi bilan haftaning har shanba kuni “Sport kuni” deb e’lon qilindi. Bu shunchaki belgilangan tadbir emas, balki xodimlarimizning sog‘ligini tiklash, ish haftasi davomidagi charchoqlarni chiqarish va ruhiy tetiklikni ta’minlashga qaratilgan muhim tizimdir. Ta’kidlash kerakki, “Sport kuni” doirasida mashg‘ulotlar bir yoqlama emas, balki qiziqarli va ko‘pqirrali etib tashkil etilgan. Hozirda xodimlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, oltita sport turi bo‘yicha muntazam mashg‘ulotlar va musobaqalar yo‘lga qo‘yilgan. Bular — futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, shaxmat-shashka hamda fitnes mashg‘ulotlaridir.

Ta’kidlash joizki, tadbir yuqori tashkiliy saviyada, tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har bir ishtirokchi uchun teng sharoitlar yaratilgan. Musobaqalar dasturidan o‘rin olgan futbol, voleybol va stol tennisi bo‘yicha bahslar murosasiz va kuchli raqobat ostida o‘tmoqda. Jamoalar o‘rtasidagi ahillik va g‘alabaga bo‘lgan intilish o‘yinlarning shiddatini yanada oshirmoqda.

Tadbirning yana bir e’tiborli jihati, jarayonga sertifikatlangan bodibilding va fitnes murabbiylarining jalb etilganidir. Ular tomonidan o‘tkazilayotgan maxsus mashg‘ulotlar xodimlarga jismoniy yuklamalarni to‘g‘ri bajarish va sport madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha foydali ko‘nikmalar bermoqda.


Bu kabi izchil tashkil etilayotgan tashabbuslar nafaqat xodimlarning jismoniy faolligini oshirishga, balki korporativ muhitni sog‘lomlashtirish va jamoa ichida hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Zero, sport maydonidagi do‘stona raqobat keyinchalik ish jarayonidagi yuqori natijalarga zamin yaratadi.
O‘zA