O'zLiDeP: yangi loyihalardan ko‘zlangan natijalar
O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, O'zLiDeP fraksiyasi rahbari, O‘zbekiston Fermerlar Kengashi raisi Aktam Xaitov boshchiligidagi Ishchi guruh Buxoroda bo‘ldi.
Ishchi guruh a’zolari Peshku tumanida tashkil etilgan “Buxoro servis agroklaster” MCHJ g‘alla maydonlarida g‘allani zamonaviy usullarda oziqlantirish bo‘yicha seminarda ishtirok etdi. Unda O'zLiDePdan mahalliy Kengash deputatligiga saylangan xalq vakillari, partiya mas’ullari hamda viloyatdagi bir qator peshqadam fermerlar qatnashdi.

Seminarda Aktam Xaitov Murojaatnomada belgilangan ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritar ekan, O‘zbekiston Fermerlar Kengashi tomonidan ham tegishli murojaat qabul qilinganligini, bu esa soha xodimlari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklashini ta’kidladi.
Prezident Murojaatnomasida qishloq xo‘jaligida hosildorlikni yangi texnologiyalar asosida oshirish va sohani qo‘llab-quvvatlash borasida muhim vazifalar belgilab berilgan. Ayniqsa, Prezidentimizning o‘tgan yil 9 dekabrdagi “Paxtachilik va g‘allachilikda hosildorlikni oshirish uchun yuqori samarador intensiv agrotexnologiyalarni qo‘llashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Fermerlarga katta imtiyoz va vakolatlar berildi.
Seminarda shu xususda so‘z yuritilar ekan, buxorolik fermerlar ham bugungi kunda butun kuch va imkoniyatlarini safarbar etishlari zarurligi alohida qayd etildi. Jumladan, g‘alla yetishtiruvchi Fermer xo‘jaliklari uchun katta imkoniyatlar yaratilganligi ularni yangi marralarni egallashga, g‘alladan yuqori hosil yetishtirishga rag‘batlantirishi turgan gap.

Seminarda g‘allani oziqlantirish va rivojini ta’minlash borasida zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda sust ish olib borayotgan fermer xo‘jaliklari faoliyati xususida so‘z yuritilib, yo‘l qo‘ygan qoloqlikni bartaraf etilishi yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruhi a’zolari Peshku tumani Xo‘japeshku qishlog‘ida joylashgan “PESHKU AGROKLASTER YOG` MOY” mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan tanishdi. Mazkur jamiyat 2022 yil tashkil etilgan bo‘lib, ayni kunda bu yerda 120 nafar mahalliy aholi vakillarining bandligi ta’minlangan. Ularning 30 nafari ayollardan, 70 nafari esa yosh avlod vakillaridan iborat.
“Buxoro agroklaster” paxta-to‘qimachilik klasteri MCHJ tarkibidagi mazkur korxonada yiliga 50 ming tonna chigit qayta ishlanib, 11 ming tonna sifatli yog‘, 29 ming tonna shrot, 20 ming tonna sheluxa ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Zarur xomashyo – chigit ombori, tozalash-presslash, qayta ishlash va qadoqlash sexlari, shuningdek, korxona zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan. Korxonaning tayyor mahsulotlari Afg‘oniston hamda Tojikiston davlatlariga eksport qilinmoqda.
Muloqotlar chog‘ida korxonada paxta chigitini qayta ishlash va undan sifatli mahsulot tayyorlash jarayonlari, ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish, eksport salohiyatini oshirish, doimiy ish o‘rinlarini kengaytirish borasidagi fikr-mulohazalar bildirildi.
O‘rganishlar davomida O‘zLiDeP yetakchisi boshchiligidagi ishchi guruh “Peshku” mahalla fuqarolar yig‘inida Inobat Narziyeva boshchiligida faoliyat yuritib kelayotgan “Milliy shirinliklar va qandolatchilik mahsulotlari tayyorlash sexida ham bo‘lib uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur korxonada ishlab chiqarish jarayonlari zamon talablariga mos ravishda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tort va shirinliklar, turli tayyor mahsulotlar buyurtmachilarga yetkazib berilmoqda. Korxonada 20 nafardan ortiq xotin-qizlar doimiy ish bilan ta’minlangan. Bu esa mahalliy aholi bandligiga erishish, ularning daromadini oshirish, ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘rganishlar chog‘ida ishlab chiqarish hajmlari, mahsulotlar sifati, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi hamda mehnat sharoitlariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, korxona faoliyatini yanada kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va mahsulot turlarini ko‘paytirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Guruh a’zolari Buxoro tumanidagi mohir hunarmand, mahalliy Kengash deputati Akmal Muhitdinov boshchilik qilayotgan “Naqshband” hunarmandchilik markazi ish faoliyatini, bu yerdagi ishlab chiqarish jarayonini ham ko‘zdan kechirdi. Bu yerda yoshlar hunarmandchilikning tosh o‘ymakorligi, xattotlik san’ati, miniatyura hunarmandchiligi bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv-kurslarida o‘z bilim va malakalarini oshirmoqda. Markazning turistik salohiyati, ishchi-xodimlar uchun yaratilgan shart- sharoitlar ishchi guruh a’zolarida yaxshi taassurot qoldirdi.

Buxoro davlat universitetida O'zLiDePning Murojaatnomadan kelib chiqadigan vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, O'zLiDeP viloyat, shahar va tuman Kengashi mas’ullari, mahalliy kengash deputatlari, tadbirkor va fermerlar ishtirok etdi. Yig‘ilishni partiya yetakchisi A.Xaitov kirish so‘zi bilan ochdi va olib bordi.
Yurtimizdagi islohotlar bardavomligi turli soha vakillari oldiga yangidan-yangi talablar qo‘ymoqda. Shu jumladan, asosiy elektorati tadbirkor va fermerlardan iborat bo‘lgan O'zLiDeP faollari zimmasiga ham.
Ma’lumki, keyingi paytda partiyaning bir qator istiqbolli loyihalari dasturiy maqsad-vazifalar ijrosini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aniq-puxta ishlab chiqilgan ana shunday ishlanmalar tufayli hududlarda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va shu tariqa aholi bandligini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning kelgusidagi faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlash va boshqa yo‘nalishlarda pirovard natijalarga erishilmoqda.
E’tiborlisi, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” munosabati bilan “Xalq bilan birga” deb nomlangan umumpartiyaviy loyiha tarkibiga 2026 yildan boshlab “O'zLiDeP deputati – mahallada”, “Mahallaning ishbilarmon ayoli”, “Mahallaning yosh kreativ tadbirkori”, “Farovon oila”, “O'zLiDeP: tadbirkor va fermerga huquqiy yordam” singari yangi loyihalarga start berilganligini shu o‘rinda alohida ta’kidlash joiz.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar Murojaatnoma va O'zLiDePning istiqbolli loyihalari ijrosidan kelib chiqqan holda o‘zlarining amaliy takliflarini ilgari surdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.