Oziq-ovqat sanoati ko‘rgazmasi (+video)
Poytaxtimizda 19-Xalqaro “UzProdExpo” ko‘rgazmasi faoliyatini boshladi. Har yili oziq-ovqat tarmog‘i uchun komponentlar ishlab chiqarishdan tortib, tayyor mahsulotlarni saqlash va sotishgacha bo‘lgan barcha yechimlarni kompleks taqdim etish bo‘yicha o‘tkazilayotgan namoyishlar “O‘zekspomarkaz” pavilonlarida tashkil etildi. Bu orqali agrar soha xodimlari va tadbirkorlar uchun tarmoqdagi yutuqlar, innovatsiyalar, jahon bozorlariga mahsulotlarni sifatli qadoqlab, eksport qilish, foydali shartnomalar tuzish imkoni yaratildi.
Bu yilgi ko‘rgazmada qandolat, oziq-ovqat mahsulotlari, quritilgan mevalar, kam alkogolli va alkogolsiz ichimliklar, baliq, ikra mahsulotlari, ingridiyentlar namoyish etilmoqda. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar tarmoq mutaxassislari bilan muloqotga kirishlari, qayta ishlash sanoatidagi uskunlar bilan yaqindan tanishlari mumkin bo‘ladi.
“UzProdExpo” ko‘rgazmasi doirasida tabiiy sharbatlar, pyure, bolalar ovqatlari, tomat pastasi, sanoat changyutkichlari, sovutish tizimlari ishlab chiqarish uchun kompleks liniyalar ham namoyish qilinmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1SpnsaWKN50" title="Oziq-ovqat sanoati ko`rgazmasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shuningdek, bir joyning o‘zida ishtirokchilar 7-Xalqaro “InterPackExpo-2024” ko‘rgazmasi doirasida qadoqlash uskunalari va materiallari, plastmassadan tayyorlangan buyumlar, poliamid va tibbiy qobiqlar kabi mahsulotlar bilan ham yaqin tanishishlari mumkin.
Mazkur tadbirlarning dolzarbligi iqtisodiyotning rivojlanishi va zamonaviy qadoqlash materiallari talab qiladigan, eksportga yo‘naltirilgan mahsulot ishlab chiqarishning o‘sishi bilan bog‘liq. Ekspozitsiyalarda Rossiya Federsiyasining yirik mintaqalari tomonidan taqdim etilgan xizmatlar, mahsulotlar, uskunalar, Xitoy va Koreya Respublikasining nufuzli ishlab chiqaruvchilarining stendlariga qiziqish yuqori bo‘ldi. Aytish kerakki ko‘rgazmada aksariyat kompaniyalar ilk bora ishtirok etmoqda.
Ushbu keng ko‘lamli tadbirlar tashrif buyuruvchilarga yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, sotib olish yoki o‘z mahsulotlarini taklif qilish, yangi brendlar, texnologiyalar va zamonaviy tendensiyalar bilan tanishish imkonini beradi.
Ko‘rgazmalar 22 noyabrga qadar davom etadi.
Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA