"O‘zimiz keldik” aksiyasi – Sirdaryoda
Sirdaryo viloyatidagi savdo majmualari va markaziy bozorlarda Davlat xizmatlari markazlari tomonidan sayyor davlat xizmatlari tashkil etildi.
Aholiga qulaylik yaratish, uzog‘ini yaqin qilish maqsadida o‘tkazilgan, "O‘zimiz keldik” deb nomlangan aksiya doirasida Sirdaryo viloyatidagi barcha markaziy savdo majmualari hamda dehqon bozorlarida fuqarolarga xizmat ko‘rsatildi.
Aksiya doirasida fuqarolarga joriy yilning 1 iyunidan boshlab davlat idoralari tomonidan aholidan talab qilish bekor qilinayotgan hujjat va ma’lumotnomalar to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berildi.
Mazkur tadbirlarda fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatilishi bilan birga, mutaxassislar tomonidan sohaga oid bepul huquqiy maslahatlar hamda saylov qonunchiligi bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlari ham olib borildi.
Kun davomida hududlarda fuqarolarga 199 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilib, 73 ta holatda fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berildi.


Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA